So`nggi paytlarda sifatsiz iste`mol mahsulotlari bilan bog`liq muammo yana kun tartibiga chiqishni boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda sifatsiz mahsulot sotib olgan xaridorlarning shikoyati kun sayin ko`paymoqda. Nazorat xaridi bo`lganida bu majorolar bo`lmasmidi, deb yozadi O`zA.
Birgina eshak go`shti bilan bog`liq mojarolarni yodga olaylik. «Sharshara» kolbasalari, Samarqanddagi eshaklar qabristoni hamda farg`onalik qassob iqrornomalari bu borada muammolar juda chuqur ildiz otgani, unga qarshi kurashish, nazoratga olish uchun endilikda bir davlat organining kuchi kamlik qilishi ayon bo`lgandek go`yo.
Aslida hayotimizning ajralmas bir qismini biron mahsulot sotish yoki sotib olishdan iborat desak mubolag`a bo`lmaydi. Kundalik xaridlarimizning asosiy qismini esa oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etadi. Har doim ham sotib olayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining ishlab chiqarilgan sanasi, tarkibi kabi jihatlariga e`tibor qilavermaymiz. Biror sifatsiz yoki yaroqlilik muddati o`tgan mahsulotdan zarar ko`rgan taqdirimizdagina bu haqida o`ylab qolamiz. Bir narsaga e`tibor qaratish kerak. Iste`molchilar olayotgan mahsulotiga e`tibor qilmadi ham deylik. Lekin ishlab chiqaruvchi yoki xizmat ko`rsatuvchilar nima uchun bunga e`tibor qilmasligi kerak?! Axir sifatsiz, yaroqlilik muddati o`tgan mahsulot inson hayoti uchun jiddiy xavf tug`diradiku!
Xorij tajribasiga qaraydigan bo`lsak, ularda nazorat xaridi yo`lga qo`yilgan bo`lib, bu inson salomatligi uchun jiddiy zarar keltiruvchi mahsulotlardan saqlanishda muhim ahamiyatga ega. Savol tug`iladi. Nazorat xaridining o`zi nima?
Nazorat xaridi bu — savdo rastalarida sotilayotgan mahsulotlar xarid qilinib, labaratoriyalarda ekspertizadan o`tkaziladi. Sifati talabga javob bermaydigan, davlat standartlariga mos bo`lmagan mahsulot hamda uni ishlab chiqarish (sotish) bilan shug`ullanuvchilar ommaviy axborot vositalarida e`lon qilinadi. Ya`ni, tug`ilishi mumkin bo`lgan xavfdan jamoatchilik ogohlantiriladi va bunga nisbatan jamoatchilik o`z munosabatini bildiradi.
Natijada mahsulot ishlab chiqaruvchilar (sotuvchilar) sotayotgan tovarining sifatli bo`lishiga harakat qiladi hamda odamlar sifatsiz, zararli mahsulotlardan himoyalanadi.






