AsosiyJamiyat

Toshkentda er-xotin qilgan qilmishlariga yarasha jazo oldilar

'Toshkentda er-xotin qilgan qilmishlariga yarasha jazo oldilar'ning rasmi

Toshkent shahar Shayxontohur tumanida istiqomat qilayotgan Z.Qosimovaning qo`lida guldek hunari bor. U tikuvchilik qiladi. Odamlarning yaxshi kunlarida, to`y va bayramlarida pardalar tikib, insonlarga yordam beradi. Qilgan mehnatlari evaziga yaxshigina daromad ham topardi.

Biroq u oson pul topish, o`zgalarning mol-mulkini o`g`irlab, ko`proq daromad qilaman, degan o`y-xayollar bilan jinoyatga qo`l urdi. Eng achinarlisi, bu jinoyatni o`z qarindoshining uyida turmush o`rtog`i bilan birga amalga oshirdi.

Z.Qosimovaning ammasi o`g`lini uylantirish taraddudida yurgandi. Uyi uchun parda tikishni jiyaniga ishonib topshirdi. Jiyan esa pardalarni tikish barobarida ammasining uyini o`marishni reja qildi. U pardalarni osishga yordamlashish uchun turmush o`rtog`ini olib boradi. Er-xotin uyga kirib-chiqib yurgan vaqtida tashqi eshik oldidagi kiyim ilgichda osilib turgan xonadon kalitini hech kimga bildirmasdan olib, undan nusxa yasatadi.

Kelin tomondagilar kelib uyni yasatib ketishgandan so`ng, joriy yilning 31 yanvar kuni soat o`n yarimlarda uyda hech kim yo`qligidan foydalanib, Z.Qosimova va uning turmush o`rtog`i R.Qosimovlar jinoiy til biriktirib, uydagi narsalarni o`g`irlash maqsadida uyga kiradi. Ular uydagi taqinchoqlarni, 2 noutbukni, pul va boshqa qimmatbaho buyumlarni, jami 35 million so`mdan ortiq bo`lgan narsalarni olib chiqib ketadi.

Poytaxtimizdagi Abdulla Avloniy nomidagi mahalla fuqarolar yig`inida bo`lib o`tgan sayyor sud majlisida Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirobod tuman sudi sudyasi Boburjon Inog`omov raisligida ushbu jinoiy ish ko`rib chiqildi.

Sudda endi 31-32 yoshni qarshilgan, ikki farzandning ota-onasi bo`lgan bu er-xotin O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b”, “v”, “g” bandi bilan o`g`irlik, ya`ni o`zganing mol-mulkini yashirin ravishda, bir guruh shaxslar tomonidan, uy-joyga g`ayriqonuniy ravishda kirib, ancha miqdorda talon-toroj qilishda aybdor, deb topildi.

– Sudlanuvchi R.Qosimovga jazo tayinlashda sodir etgan jinoyatining ijtimoiy xavflilik darajasi va xususiyati, muqaddam sudlanmaganligi, qilmishidan pushaymonligi, oilaviy ahvoli, qaramog`ida 2 nafar voyaga etmagan farzandi borligini inobatga olgan holda jazo tayinlandi, – deydi sudya B.Inog`omov. – Shuningdek, sudlanuvchi Z.Qosimovaga muqaddam sudlanmaganligi, qilmishidan pushaymonligi, ayolligi, oilaviy ahvoli, qaramog`ida voyaga etmagan, shundan bir nafari uch yoshga to`lmagan farzandi borligi e`tiborga olinib, uni jamiyatdan ajratmagan holda qayta tarbiyalash mumkin, degan fikrga keldi.

O`zA xabariga ko`ra, R.Qosimovga uch yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Z.Qosimovaga esa uch yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shu o`rinda kishida bir mulohaza tug`iladi. Oila azaldan muqaddas qo`rg`on sanalib, ota-onalar uning ustuni, ular farzandlar uchun esa har jihatdan ibrat, namuna hisoblangan. Ota-ona jinoyatga qo`l urdimi, uning jabrini farzandlar tortishi tayin. Aslida jinoyat sodir etgan shaxslarga tayinlangan uch yillik jazodan ko`ra, farzandlari uchun ota-onasi "o`g`ri" degan nomni ko`tarib yurish eng og`ir jazo emasmi?

    Boshqa yangiliklar