Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligining 16 apreldagi qarori bilan Ichki ishlar organlarida majburiy xizmatni o`tash haqidagi shartnomalarni tuzish hamda shartnoma shartlari bajarilmaganda xarajatlarni qoplash tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
"Norma" xabariga ko`ra, hujjatda o`qishni tamomlagandan keyin 5 kalendar yili mobaynida ichki ishlar organlarida (IIO) yoki taqsimot bo`yicha yuborilganda boshqa davlat idoralarida majburiy uzluksiz xizmat o`tash haqida shartnoma tuzish tartibi belgilangan.
Quyidagilar bilan shartnoma tuziladi:
- kursantlar – IIV oliy harbiy ta`lim muassasalarining kunduzgi ta`lim shakliga o`qishga kirgan fuqarolar;
- tinglovchilar – IIV tomonidan xorijiy davlatlar oliy ta`lim muassasalariga o`qishga yuborilgan fuqarolar.
Shartnoma shartlari hamda uning bajarilmasligi sababli moddiy javobgarlik haqida nomzod (shuningdek uning ota-onasi) o`qishga kirguniga qadar dastlabki tanlov davrida yozma ravishda ogohlantiriladi.
Kursant bilan shartnomani IIV nomidan oliy harbiy ta`lim muassasasi rahbari, tinglovchi bilan esa – ichki ishlar vazirining o`rinbosari – Kadrlar bosh boshqarmasi boshlig`i imzolaydi. Kursantlar yoki tinglovchilar safidan chiqarilib o`qishga qayta tiklangan kursant va tinglovchi bilan qayta shartnoma tuzilishi shart.
U 2 nusxada davlat yoki rus tilida tuziladi, ulardan biri kursant yoki tinglovchiga beriladi, ikkinchisi – uning shaxsiy hujjatlar yig`majildiga biriktiriladi. Kursant yoki tinglovchi shartnoma tuzishni rad qilganda, sabablarni ko`rsatgan holda tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
IIO xodimi muddatdan oldin xizmatdan bo`shatilganda uning ta`lim olishi uchun davlat byudjetidan sarflangan mablag`lar 30 kun ichida qaytarilishi kerakligi haqida ogohlantiriladi. Xodim uchun xarajatlar yuridik shaxslar tomonidan to`lab berilishi mumkin (davlat byudjetidan to`lab berishga yo`l qo`yilmaydi). Xarajatlar qoplanganligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi uning so`nggi ish joyiga taqdim qilinishi lozim.
Ko`rsatilgan xarajatlarni qoplash majburiyati bajarilmagan taqdirda ular sud tartibida undiriladi. Xarajatlarni to`lagan xodim xizmatga tiklangan taqdirda undan undirilgan pul mablag`lari to`liq qaytariladi. Majburiy 5 yillik xizmatni qisman o`taganda xarajatlar o`talmay qolgan xizmat davrining nisbatidan kelib chiqib qoplanadi.






