AsosiyJamiyat

Olmaotada O`zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda

'Olmaotada O`zbekistonning sayyohlik salohiyati namoyish etilmoqda'ning rasmi

Qozog`istonning Olmaota shahrida 18 aprel kuni “KITF – 2018” xalqaro turizm va sayyohlik ko`rgazmasi o`z ishini boshladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

O`n sakkizinchi bor tashkil etilayotgan forumda O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, “O`zbekiston havo yo`llari” milliy aviakompaniyasi, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati, O`zbekiston oshpazlar uyushmasi hamda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan qator sayyohlik kompaniya va firmalar vakillari ishtirok etmoqda.

Mazkur xalqaro ko`rgazma Markaziy Osiyo davlatlarining turizm sanoati yutuqlari va imkoniyatlari namoyish etiladigan yirik xalqaro yarmarkalardan biri. “KITF” Butundunyo ko`rgazma sanoati assosiasiyasining sifat ko`rsatkichiga ega. Yarmarkada doimiy ravishda dunyoning 60 dan ziyod mamlakatidan kelgan sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari, ekspert va mutaxassislari ishtirok etib keladi.

“O`zbekiston” milliy stendi ostida mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, rangba-rang urf-odat va an`nalari, milliy hunarmandchilik namunalari namoyish etilmoqda. Ijodiy jamoalarning badiiy chiqishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otayotir. Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz kabi tarixiy shaharlarimizning diqqatga sazovor joylari haqidagi qiziqarli ma`lumotlar bilan tanishish imkoniga ega bo`lmoqda.

Uch kun davom etadigan ko`rgazmada o`zbek milliy taomlari tayyorlanib, “kelin salom” marosimi sahnalashtirilgan tarzda namoyish etiladi. Shuningdek, O`zbekiston delegasiyasi sayyohlik sanoatida etakchi qator tashkilot va kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o`tkazishi ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar