Toshkent viloyati hokimi G`ulomjon Ibragimov boshchiligidagi delegasiya ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasining Chunsin shahrida bo`lib turibdi.
20 aprelga qadar davom etadigan ushbu tashrif Toshkent viloyati va Chunsin shahri munisipal hukumati o`rtasida xalqaro, tashqi iqtisodiy, savdo aloqalari, ilm-fan, texnologiyalar, bunyodkorlik, ijtimoiy va madaniy sohalarda hamkorlik o`rnatish va do`stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi G`ulomjon Ibragimov boshchiligidagi delegasiya 17 aprel kuni Xitoy poytaxti Pekin orqali Chunsin shahriga etib keldi. Yuqori darajada kutib olingan viloyatimiz delegasiyasi vakillari shu kunning o`zida “Chunsin Ganchen” sanoat parki va “Jontia Energy Group Co.LTD” energetik korporasiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Toshkent viloyati delegasiyasi tashrifning ikkinchi kuni – 18 aprelda o`z ishini davom ettirib, Savdo-iqtisodiyot forumi va ikki tomonlama uchrashuvlarda qatnashadi. Shuning kun tartibidan “Xayfu” farmasevtik kompaniyasi faoliyati bilan tanishish, Chunsin meriyasi rahbariyati bilan uchrashuv va o`zaro hamkorlik bo`yicha tegishli hujjatlarni imzolash marosimi ham o`rin olgan.
19 aprel kuni delegasiya a`zolari “Zonshen Industrial Group Co.LTD” korporasiyasi va Chunsindagi Szyulupo tumanidagi sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishadi. Shu kuni Szyulupo tumani va Toshkent viloyati shaharlaridan biri o`rtasida ikki tomonlama kelishuv imzolanishi ham rejalashtirilgan.






