AsosiyJamiyat

Otasi donorligida buyrak ko`chirib o`tkazish operasiyasidan keyin 14 yoshli Umidjon uyiga qaytdi

'Otasi donorligida buyrak ko`chirib o`tkazish operasiyasidan keyin 14 yoshli Umidjon uyiga qaytdi 'ning rasmi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida 14 yoshli Umidjon Abdumadjidovga otasi Ilgor Abduqayumov donorligida buyrak ko`chirib o`tkazish operasiyasi bajarilgani haqida xabar bergan edik. Sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmati bugun bemorning shifo topib uyiga qaytganini ma`lum qildi.

Transplantasiya jarrohligi zamonaviy tibbiyotning talab oshib borayotgan, istiqbolli yo`nalishlaridan biridir. Bugungi kunda bunday yuqori texnologik operasiyalar tibbiyoti rivojlangan davlatlar bilan bir qatorda yurtimizdagi akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida muvaffaqiyatli o`tkazilmoqda.

– Markazimizda birinchi marta buyrak ko`chirib o`tkazish amaliyoti o`tkazildi, – deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi shifokori Maqsudxon Rashidov. – Bu operasiyaning murakkabligi shunda bo`ldiki, bemor Umidjon juda yosh, organizmi hali rivojlanish bosqichida edi. Ichki a`zolarining kichikligi, qon tomirlarining ingichkaligi alohida yondashuv talab qildi. Shu bois markazda katta tayyorgarlik ko`rildi. Xorij tajribasini o`rgandik. Shundan so`ng, Turkiyaning Bashkent tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda markazimiz tarixida ilk bor buyrak transplantasiyasi bajarildi. Operasiyagacha bemorning buyragi o`z faoliyatini bajara olmagani bois, qoni 8 oy davomida to`liq gemodializ apparati orqali tozalangan. Hozir buyrak me`yorida faoliyat olib bormoqda. Umidjon sog`lom hayotga qaytdi, deb bemalol ayta olamiz.

photo5382275783977969980.jpg

– Bugun o`g`lim Umidjon qayta dunyoga kelganday bo`ldi, – deydi bemorning otasi, donor Ilgor Abduqayumov. – Davlatimizning ko`magi, shifokorlarning astoydil mehnati oilamiz quvonchini qaytarib berdi. Operasiyadan oldin natija qanday bo`larkan, degan o`y-xayollar bo`lgani rost. Mana, hammasi ortda qoldi.Umidjonning kayfiyati, o`ziga ishonchi baland.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari ushbu murakkab amaliyot muvaffaqiyatli o`tganiga katta ishonch bildirishdi. Hozirgacha bo`lgan natijalarning barchasi ijobiy. Bemor va donor sog`lom holatda o`z oilasi, yaqinlari bag`riga qaytdi. Eng muhimi, endi markaz mutaxassislari bu kabi operasiyalarni bemalol bajara oladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bunday murakkab amaliyotlardan tashqari, yurtimiz shoshilinch tibbiy yordam tizimi bo`yicha yiliga 600 ming nafardan ziyod bemorga yuqori malakali stasionar va 1 million nafardan ortiq bemorga ambulator yordam, shuningdek yiliga 7 milliondan ziyod chaqiriqlar bo`yicha tibbiy yordam ko`rsatib kelmoqda.

    Boshqa yangiliklar