Qarshi shahrida “Nuroniylar maskani” foydalanishga topshirildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizda keksa avlod vakillarini e`zozlash, ularga yuksak hurmat-ehtirom ko`rsatish, munosib turmush kechirishi, dam olishi, jamiyatda faol bo`lishi uchun zarur sharoit yaratishga doimiy e`tibor qaratilayotgani ta`kidlandi.
Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O`zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash "Nuroniy" jamg`armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyatida ham qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog`i hududida qad rostlagan “Nuroniylar maskani” ana shunday ezgu ishlar samarasidir.
Maskanda nuroniylarning mazmunli dam olib, vaqtini chog` o`tkazishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Kutubxona, choyxona, ma`naviyat, tibbiyot xonalari, sport-sog`lomlashtirish zali zamonaviy jihozlangan.









