Namangan viloyati Uchqo`rg`on tumanidagi “Namuna” mahalla fuqarolar yig`inida onasi bilan istiqomat qilib kelayotgan 21 yoshli qiz sud yordamida tug`ilganlik haqidagi guvohnomaga ega bo`ldi.
Sitora G`afurjonova hujjatsiz ishga kira olmagani uchun bu masalani hal qilishga uning o`zi kirishgan. Bu borada u tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) bo`limiga murojaat qilgan. Bu erda murojaati rad etilgach u Uchqo`rg`on tumani ma`muriy sudiga shikoyat arizasi yo`llagan.
Ma`lum bo`lishicha, Sitora ota-onasi ajrashib ketgach dunyoga kelgan. FHDYo bo`limi uning arizasini tug`ilganlik haqidagi guvohnomani berish uchun etarli hujjatlari mavjud emasligi sababli rad etgan.
"Sud jarayonida taraflar va guvohlarning ko`rsatmalari eshitildi hamda ishga qo`shilgan hujjatlarni atroflicha muhokama qilindi. Aniqlagan holatlarga ko`ra, FHDYo bo`limi S.G`afurjonovaning vajlarini to`liq o`rganmagan. U taqdim qilgan hujjatlar orasida Farg`ona viloyati Qo`qon shahar tug`ruq majmuasi tomonidan Sitoraning onasi Sh.G`ofirjonova nomiga berilgan ma`lumotnoma mavjud bo`lgan. Unda ayolning 1997 yil 22 noyabrda qiz farzand tuqqani bayon etilgan. Ushbu tibbiy ma`lumotnoma FHDYo tomonidan asossiz ravishda inobatga olmagan", – deydi Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov.
O`zA xabariga ko`ra, ushbu sabablarga asosan sud S.G`ofurjonovaning shikoyat arizasini qanoatlantirdi. FHDYo bo`limi zimmasiga Sitoraga tug`ilganlik haqida guvohnoma yozib berish majburiyati yuklandi. Bu hujjatni olgach u pasport olishi mumkin bo`ladi.






