AsosiyJamiyat

Harbiylarimiz Mustaqil davlatlar hamdo`stligiga a`zo mamlakatlar o`rtasidagi musobaqalarda qatnashadi

'Harbiylarimiz Mustaqil davlatlar hamdo`stligiga a`zo mamlakatlar o`rtasidagi musobaqalarda qatnashadi'ning rasmi

Joriy yilning aprelidan sentyabr oyiga qadar MDHga a`zo mamlakatlar armiyalari o`rtasida turli musobaqalar o`tkazish rejalashtirilgan, deb xabar beradi O`zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Mazkur nufuzli bellashuv harbiy-amaliy sportning 7 turi bo`yicha o`tkaziladi. Shu yil sentyabr oyida yurtimizda ilk bor qo`l jangi bo`yicha armiya chempionati bo`lib o`tadi. Aprel va oktyabr oylarida Rossiya Federasiyasida “Qo`mondonlar starti” musobaqasi, belgilangan manzilni topish va tog` uchkurashi bo`yicha bellashuvlar o`tkazilishi mo`ljallangan. Harbiy-sport ko`pkurash musobaqalari iyun oyida Belarusda, ofiserlar o`rtasidagi uchkurash hamda shtatli quroldan otish musobaqalari avgust oyida Qirg`izistonda o`tkaziladi.

Mazkur bellashuvlar uchun ishtirokchilarni saralash maqsadida joriy yil yanvar oyidan boshlab O`zbekiston Mudofaa vazirligi qo`shinlarida chempionatlar o`tkazilmoqda.

Yaqinda Samarqand shahrida joylashgan Qurolli Kuchlar kichik mutaxassislarini tayyorlash markazida harbiy-sport ko`p kurashi bo`yicha Mudofaa vazirligi qo`shinlarining chempionati bo`lib o`tdi. Unda harbiy qism va muassasalardan qariyb 30 ga yaqin jamoa ishtirok etdi. Qatnashchilar 100 va 3000 metr masofaga yugurish, turnikda tortilish, to`siqlardan o`tish kabi shartlar bo`yicha yakka va jamoaviy bahslarda o`z mahoratini sinab ko`rdi. G`oliblardan Mudofaa vazirligi terma jamoasi tuzildi.

2017 yilda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari MDH mamlakatlarining xalqaro musobaqalarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan bo`lsa, endi ular ushbu bahslarda bevosita bellashadi. Podpolkovnik Bahodir To`xtanazarov va podpolkovnik Zokir Xaziev, mayor Madiyor Saidov va mayor Sherzod Rashidov, kapitanlar Avaz Usmonov, Baxtiyor Madaminov, Odilbek Yuldoshev va Husniddin Elmurodov “Qo`mondonlar starti”da qatnashish uchun Rossiyaga jo`nab ketdi.

    Boshqa yangiliklar