O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi xorijiy davlatlardan sayyohlarni yanada ko`proq jalb qilish maqsadida targ`ibot-tashviqot ishlarini uzluksiz davom ettirmoqda. Xususan, joriy yilning 9-10 aprel kunlari tashabbusi bilan O`zbekiston va Eron o`rtasidagi Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyasining 12 majlisi doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi hamda Madaniyat ishlari vazirligi vakillari tomonidan Tehronda O`zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag`ishlangan taqdimot bo`lib o`tdi.
Biznes-forum davomida Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi vakillari Madaniy meros, hunarmandlik va turizm vaziri o`rinbosari Mohamed Moheb Xudoy, shuningdek Leyla Ajdari vazirligining marketing va reklama departamenti boshlig`i hamda ITAO Eron turoperatorlari Assosiasiyasi maslahatchisi Mahmoud Bonakdia bilan uchrashdi.
Muzokaralar chog`ida o`zbek tomoni musulmon sayyohlar uchun uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ko`plab boy madaniy meroslar – Islom madaniyati markazi, Islom Akademiyasi, Imom al-Buxoriy ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa madaniy obidalarni qayta tiklash bo`yicha tashkil etilgan yangi institutlar haqida, shuningdek, halol sertifikatlash, zamonaviy turistik infratuzilmani joriy etish to`g`risida so`zlab berdi. «O`zbekistonga tashrif buyurishning 10 ta sababi» nomli broshyuralar va materiallar Eron turoperatorlari Assosiasiyasi a`zolariga tarqatildi.
Shunisi quvonarliki, endi yangi ochilgan O`zbekiston-Eron savdo uyi mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini doimiy tarzda yoritib boradigan bo`ldi. Unda O`zbekiston sayyohlik salohiyati bo`yicha tarqatma materiallar taqdim etiladi.
2017 yilgi statistik ma`lumotlariga ko`ra, Eron Islom Respublikasining 10 millionga yaqin fuqarosi chet elga sayohat qilgan va ko`p hollarda ular oilaviy sayohatga chiqishgan. Shuning uchun Eron tomoni O`zbekiston bilan ziyorat hamda tibbiy turizm yo`nalishi bo`yicha hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.






