AsosiyJamiyat

Prezidentlar Samarqandga tashrif buyurdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe 18 iyun kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdilar, deya xabar beradi O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy sayti.

Oliy martabali mehmon qadim shaharning muazzam tarixiy obidalari bilan tanishuvni Mirzo Ulug`bek rasadxonasidan boshladi. Jahon sivilizasiyasi rivojiga ulkan hissa qo`shgan buyuk alloma Mirzo Ulug`bek bunyod etgan mazkur inshoot ajdodlarimiz zakosi, yurtimiz ilm-fanining chuqur ildizlaridan dalolat beradi.

O`zbekiston va Janubiy Koreya rahbarlari “Afrosiyob” muzeyida bo`ldilar. Undagi eksponatlar xalqimiz davlatchilik tarixidan, mamlakatimizda qadimdan hunarmandchilik va savdo-sotiq rivojlangani, xalqaro aloqalar keng yo`lga qo`yilganidan hikoya qiladi. Devoriy suratlardan birida Afrosiyob (qadimgi Samarqand) hukmdorining turli mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi aks etgan. Ular orasida Choson (Koreya) elchisining ham borligi xalqlarimiz o`rtasidagi munosabatlar ildizi bir necha asrlarga borib taqalishidan dalolat beradi.

“Afrosiyob” muzeyi hududida tashkil etilgan “Buyuk ipak yo`lidan” deb nomlangan bog` mamlakatlarimiz o`rtasidagi yaqin do`stlikning yana bir namunasidir. Bu erda jadal rivojlanayotgan O`zbekiston va Janubiy Koreya do`stligi va hamkorligi ramzi sifatida yodgorlik o`rnatilgan.

Koreya Respublikasi Prezidenti Registon majmuini diqqat va hayajon bilan tomosha qildi. Prezident Islom Karimov rahnamoligida buyuk ajdodlarimiz boy merosini chuqur o`rganish, tarixiy obidalarni asrab-avaylash borasida amalga oshirilayotgan betimsol ishlarga yuksak baho berdi.

Pak Kin Xe Registon majmuida milliy hunarmandlik buyumlari ko`rgazmasini ko`zdan kechirdi, Samarqand gilamlarining to`qilish jarayoni bilan qiziqdi.

Janubiy Koreya rahbari Amir Temur maqbarasini ziyorat qilib, Sohibqironning so`nmas xotirasiga hurmat bajo keltirdi.Oliy martabali mehmon qadim madaniyatimiz va milliy davlatchiligimiz tarixining timsoli, me`morlik san`atimizning yuksak namunasi bo`lgan Samarqand shahridagi betakror obidalar o`zida unutilmas taassurot qoldirganini alohida ta`kidladi.

Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening O`zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi samarali bo`ldi. Tashrif asnosida davlatlararo, vazirlik va idoralar darajasida qator manfaatli kelishuvlarga erishildi. Imzolangan hujjatlar O`zbekiston bilan Janubiy Koreya o`rtasidagi o`zaro hamkorlik aloqalarini yanada yuqori bosqichga ko`tarishga xizmat qilishi qayd etildi.

Shu bilan Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening O`zbekiston Respublikasiga ilk davlat tashrifi yakuniga etdi. Janubiy Koreya rahbari O`zbekistonga tashrifi juda samarali va foydali bo`lganini ta`kidlab, samimiy qabul uchun Prezident Islom Karimovga chuqur minnatdorlik bildirdi.


 

    Boshqa yangiliklar