AsosiyJamiyat

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida dolzarb qonun loyihalar muhokama qilindi

18 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar beradi.

Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan taklif qilingan kun tartibi tasdiqlanganidan so`ng deputatlar jamiyatimiz hayotining turli sohalaridagi faoliyatning huquqiy negizini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator dolzarb qonun loyihalarini ko`rib chiqdilar.Parlament quyi palatasi a`zolari Prezident Islom Karimov tomonidan 2010 yil noyabr oyida bo`lib o`tgan Oliy Majlis ikkala palatasining qo`shma majlisida ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ro`yobga chiqarish doirasida ishlab chiqilgan «Ijtimoiy sheriklik to`g`risida»gi qonun loyihasiga alohida e`tibor qaratdilar. Qonun loyihasi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan va joriy yilning mart oyida birinchi o`qishda ko`rib chiqilgan edi.

Unda ijtimoiy sheriklik tushunchasi, uning sub`ektlari, prinsiplari va asosiy sohalari aniq ta`riflangan, davlat organlarining NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorligining tashkiliy-huquqiy prosessual mexanizmlari, ularning ijtimoiy va sosial ahamiyatga molik muammolarni hal etishdagi, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy, ishbilarmonlik va sosial faolligini oshirishdagi ishtiroki shakllari hamda usullari aniqlashtirilgan.

Ijtimoiy sheriklikni yanada rivojlantirish, mamlakatni demokratik yangilash va modernizasiya qilish bo`yicha islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun hokimiyatning mahalliy vakillik hamda ijro etuvchi organlarining roli va mas`uliyatini oshirish, shuningdek, fuqarolik institutlarini tegishli hududda ijtimoiy ahamiyatli masalalarni hal etishga jalb etish uchun qo`shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qonun loyihasida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida ijtimoiy sheriklik bo`yicha jamoatchilik komissiyalarini tashkil etish, shuningdek, hokimiyatning tegishli mintaqaviy vakillik organlari huzurida ijtimoiy sheriklikda ishtirok etuvchi NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash bo`yicha maqsadli fondlarni tuzish nazarda tutilgan.

Jamoatchilik komissiyalari faoliyatiga Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondining mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasining faoliyati davomida o`zini oqlagan prinsiplar asos qilib olindi.

Aholining ijtimoiy ongi, ijtimoiy-iqtisodiy faolligi o`sgan sharoitlarda qonun loyihasi davlat va fuqarolik jamiyati o`rtasida o`zaro hamkorlikning yaxlit tizimini yaratish imkonini beradi, ularning amaliy muloqotda bo`lishining huquqiy kafolatlarini mustahkamlaydi. Ushbu qonunning qabul qilinishi NNT va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rolini kuchaytirish bo`yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli ishlarning samaradorligini oshirishga, katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo`lgan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni va qonun hujjatlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish jarayonida aholi keng qatlamlarining manfaatlari har tomonlama hisobga olinishiga ko`maklashadi.

Qonun loyihasi qonun hujjatlarini va huquqni qo`llanish amaliyotini, shu jumladan, chet mamlakatlar qonun hujjatlari va huquqni qo`llanish amaliyotini, shuningdek, xalqaro-huquqiy hujjatlarni atroflicha tahlil qilish asosida tayyorlandi. Ikkinchi o`qishga tayyorlash jarayonida qonun loyihasi barcha darajadagi deputatlar, vazirliklar va idoralar ekspertlari, siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari ishtirokida keng muhokamadan o`tdi. Hujjatni takomiliga etkazish chog`ida uning ayrim qoidalarini yanada takomillashtirish maqsadida mamlakatning barcha mintaqalarida o`tkazilgan ko`plab konferensiyalar, davra suhbatlari, seminarlar va boshqa uchrashuvlarning natijalaridan foydalanildi. Eng qimmatli g`oya va takliflar ikkinchi o`qishga tayyorlangan qonun loyihasining matniga kiritildi.

Qonun loyihasini har tomonlama moddama-modda muhokama qilish paytida barcha siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O`zbekiston Ekologik harakatidan saylangan deputatlar guruhining vakillari so`zga chiqdilar.

Qonunchilik palatasi huquqiy hujjatning har bir moddasini muhokama qilish jarayonida bildirilgan barcha fikrlarni eshitib va muhokama etib, «Ijtimoiy sheriklik to`g`risida»gi Qonunni qabul qildi.

Kun tartibidagi keyingi masala «Tijorat siri to`g`risida»gi qonun loyihasi edi. Ushbu qonun loyihasi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining maxfiy axborotga, shu jumladan, himoyalanishi shart bo`lgan tijorat siriga taalluqli ma`lumotlar ro`yxati tasdiqlangan qarorlariga muvofiq tayyorlandi. Hujjat O`zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, Fuqarolik kodeksi qoidalariga asoslanadi va tijorat sirining huquqiy maqomini belgilaydi. Qonun loyihasida asosiy tushunchalar, tijorat siriga nisbatan talablar, tijorat sirini tashkil etmaydigan ma`lumotlar, tijorat siri mulkdorining huquqlari, uni himoya qilish choralari, boshqa huquqiy normalar o`z aksini topgan.

Qonun loyihasining maqsadi axborotni tijorat siri toifasiga kiritish, uni tizimlashtirish va taqdim etish masalalarini qonunchilik yo`li bilan tartibga solishni ta`minlashdan iboratdir. Bu xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning iqtisodiy manfaatlarini bozor raqobati sharoitida, ayniqsa, raqobat insofsiz xususiyatga ega bo`lgan hollarda himoya qilish zarurati bilan izohlanadi. «Tijorat siri to`g`risida»gi qonun loyihasining tarkibiy tuzilishini shakllantirishda amaldagi normatiy-huquqiy hujjatlarning qoidalari to`la aks etishini inobatga oladigan, dolzarb bo`lmagan qoidalarni istisno etadigan va havola qiluvchi normalar sonini cheklaydigan yondashuv tanlandi. Qonun loyihasining mufassal mazmunga ega ekanligi uning foydalanishga qulayligini va xo`jalik yurituvchi sub`ektlar, davlat ijro etuvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun bir xil tushunilishini ta`minlaydi.

Qonun loyihasi bir qancha huquqiy yangiliklarni o`z ichiga olgan bo`lib, u qabul qilingan taqdirda jamiyat manfaatlari sohasidagi tijorat siri rejimini belgilash jarayonining qonunchilik yo`li bilan tartibga solinishini ancha yaxshilaydi. Mazkur hujjat tijorat siri egalarining huquqlarini ushbu munosabatlarni samarali normativ, shu jumladan, fuqarolik-huquqiy tartibga solish yo`li bilan muhofaza va himoya qilish bo`yicha chora-tadbirlar tizimini yaratishga imkon beradi. Tijorat siriga egalik qilish asoslari, shart-sharoitlari va ushbu huquqni tugatish chegaralarining mustahkamlab qo`yilishi, tijorat siri egalarining huquqlarini muhofaza va himoya qilish tartib-taomilining tartibga solinishi ushbu huquqning daxlsizligini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muhokama ishtirokchilari yana ta`kidladilarki, qonun loyihasi qabul qilingan taqdirda uning normalarini ro`yobga chiqarish xo`jalik yurituvchi sub`ektlarning samarali faoliyat ko`rsatishi uchun qulay shart-sharoit yaratadi, axborot texnologiyalari, ishlab chiqarish yangiliklari, nou-xau va innovasiyalarni yanada rivojlantirish uchun rag`batlantiruvchi omilga aylanadi, bu esa, pirovard natijada, iqtisodiyotning yuksalishiga va O`zbekiston Respublikasining ravnaqiga ko`maklashadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi moddama-modda muhokamadan so`ng ushbu qonunni qabul qildi.



 



 

    Boshqa yangiliklar