Bugungi suhbatdoshimiz o`z o`rni, reytingi va etarlicha muxlislariga ega ijodkor. “Juda yoqimtoy-da!” “Nimasidir bilandir e`tibor tortadi. Qarashlarini aytmaysizmi?” degan ta`riflar tez-tez quloqqa chalinib turadi. Haqiqatdan ham uning nigohlarida yashirin sir borday... Bir qarashda maxzun, deb atash mumkin bo`lgan ko`zlar, kutilmaganda xursandchilikdan charaqlab ketadi. Balki yuqorida ta`kidlangan jumboqlarga qahramonimizning o`zi ham javob topolmas... Shunday bo`lsa-da, xonanda ShOHRUXXON bilan siz mushtariylarni qiziqtirgan savollarga javob topishga urinib ko`ramiz. Sirliligidan voz kechgan holda balki bugungi suhbatda sirlarini oshkor etar...
— Tahririyatimizga hush kelibsiz!
— Xushvaqt bo`ling!
— Suhbatni ayni kunlarda nima ishlar bilan bandligingizni bilishdan boshlasak...
— Doimgidak ish “qaynayapti”. Bir vaqtning o`zida ikkita albom ustida ishlayapman. Ularning biri ijodimning 10 yilligiga bag`ishlangan. Mazkur albomdan ijodim davomidagi eng “xit” qo`shiqlar o`rin olgan. Ikkinchi to`plamdan esa konsert dasturim va yangi kliplar joy olgan.
— So`nggi vaqtlarda romantikaga berilib ketganingizni internetdagi shaxsiy sahifalaringizga joylayotgan suratlaringizdan anglash qiyin emas...
— Asli romantika menga begona emas! Gapingizda jon bor oxirgi vaqtlarda o`ta romantik yigitga aylanyapman (samimiy kuladi).
— Balki sevib qolgandirsiz?
— Sevib qolish (o`ylanib)... Sevgim yurakda... Muhabbatim muxlislarga atalgan.
— Gapni olib qochmang! Ko`nglingizdan joy olgan insonga bo`lgan muhabbatingizni nazarda tutgandim...
— Bu haqda ommaga ma`lum qilishni istamayman. Tuyg`ularim - qalbimda... Boshqa savolga o`taylik, iltimos!
— Intervyularingizda uylanish haqida gap ochasiz-ku, biroq hamon bo`ydoqsiz?
— Yaxshi niyat bilan gapirgandirman-da!
— Balki chindan ham oila qurishning vaqti kelgandir?
— Ochig`i, bu yilgi rejalarim jiddiy. Haqiqatdan ham boshimni “ikkita” qilish kerak. Hozircha esa peshonamga yozilganini kutish bilan kun o`tkazyapman.
— Ma`lumotlarga qaraganda, siz tanlagan qiz onangizga yoqmagani uchun to`y ortga surilayotgan ekan?
— (Kulib) Men tanlagan qiz onamga yoqmasligi mumkin emas. Onam bilan did va dunyoqarashimiz bir xil. Xudo xohlasa, volidam bilan o`rtamizda bunday qarama-qarshilik bo`lmaydi.
— Oilangizga kelin kelibdi. Sizdan keyingi ukangiz Shuhrat uylandi-a?
— Ha, endi xonadonimizda ham kelin bor. Ular bir-birini sevib oila qurishdi. Nasib etsa, tez kunlarda chaqaloqning yig`isi ham eshitiladi. Kelin kelgandan keyin hamma narsa o`zgarib ketarkan.
— Sizdan avval ukangizning uylanishiga qarshi bo`lmadingizmi?
— Ukam uchun chin dildan xursandman! Mendan avval taqdiridagi qizni uchratib, oila qurgan ekan faqat baxt tilayman.
— Sira ota haqida gapirmaysiz-a?
— Chunki menga bu mavzuda savol berishmaganda.
— Mana endi so`rayman-da!
— Otamni hech ikkilanmay yaxshi insonlar safiga qo`sha olaman. Birovga yomonlik tilamaydi, yaxshilikni o`ylab yashaydigan inson. U bilan uzoq vaqt suhbatlashib o`tirishni yaxshi ko`raman.
— Qaysi jihatlaringiz dadangizga o`xshaydi?
— Kamgapligimiz va san`atni sevishimiz! Bu ro`yxatni uzoq davom ettirishim mumkin.
— Kuni kecha Xorazm safaridan qaytdingiz. Dadangizni ko`rgani borgandirsiz?
— Albatta!
— Tez-tez uchrashib turasizlarmi?
— Ha!
— O`zingizning bo`lajak oilangiz haqida tasavvurlaringiz bormi?
— (Uzoq vaqt o`ylanib) Orzularim juda ko`p! Lekin ular haqida gapirishni istamayman. Oila bilan bog`liq orzu-niyatlar qancha kam gapirilsa, uning ijobati shunchalik ko`p bo`ladi. Shuning uchun bu savolni javobsiz qoldiraman.
— So`nggi 3-4 yil ijodda sizga omad kulib boqdi...
— Rosti, maktabda a`lo baholarga o`qimaganman. Ota-onalar majlisida har safar onam meni deb yomon gaplar eshitganida hafa bo`lganini ko`rib, o`zimga o`zim “Ona, katta bo`lsam yuzingizni erga qaratmayman!” deb ko`p aytardim. Shukrki, bugun niyatlarim ijobat bo`ldi. Hozirgi kunlarimni bolalikdan qanchalar orziqib kutganimni bilmaysiz. Odamda orzu bo`lsa, o`z harakati bilan hammasiga erishishi mumkin ekan. Bu jarayonda albatta omadning ham o`ziga yarasha o`rni bor.
— “Sen ketma” filmining ba`zi sahnalari hayotingizdan olingani rostmi?
— Balki... Kinokartinada hamma san`atkorlarning boshidan o`tgan holatni tasvirlashga harakat qilganmiz.
— Siz uchun eng ta`sirli bo`lgan sahna?
— Film yakuni! “Sen bilan ko`rishgandan keyin sevish, odamni qadrlash nima ekanini tushundim. Meni sevgiga ishontirding!” deyilgach, qizning vafot etishi va “Sen ketma” qo`shig`ining yangrashi yuragimni junbushga keltirdi.
— Shoxruxxonni tushunish biroz qiyin, degan gaplarni ko`p eshitamiz...
— Nazarimda, har bir odamni to`liq tushunish uchun vaqt talab qilinadi. Men bilan ilk uchrashgan odam birgina so`zimdan tushunishi qiyin. Lekin shu kunga qadar atrofimdagilar meni tushunmasligidan nolishmagan.
— Kimlar sizni ko`proq tushunadi?
— Albatta yaqinlarim! Ular meni birgina qarashimdan tushunishadi. Meni yuqoridagi kabi ta`riflaganlar bilan balki bir-birimizni tushunishimiz shart ham emasdir...
— Balki fe`l-atvoringiz og`ir bo`lgani uchun shunday ta`rifga munosib ko`rishar?
— Fe`lim og`ir, deb hisoblamayman!
— Sizni asabiy holatda tasavvur qilish qiyin?
— Har bir odam asabiylashganda 90 foizga o`zgarishi aniq. Bu odamzodning tabiatiga xos hususiyat. Jaxl chiqqanda, aql ketadi, deb to`g`ri aytishadi. Aqlini yo`qotgan kishini tasvirlab berish juda qiyin. Shuning uchun asabiy vaqtimda qanday xolatda bo`lishimni tasvirlab berolmayman.
— Qanday vaziyatlarda jaxlingiz chiqadi?
— So`nggi vaqtlarda men haqimda ko`p noto`g`ri ma`lumotlarni gapirishyapti. Gap tarqatayotganlarning maqsadi — meni asabiylashtirish! Ularga aytar gapim — yolg`on to`qishda davom etaverishsin. Bu harakatingiz bilan meni hursand qilyapsizlar!
— Noqulay vaziyatda qolsangiz?
— Bu haqda ko`proq ayollar o`ylaydi. Erkaklarga esa bu xolat biroz begona. Birovning haqqini emasa, o`g`irlik qilib omonatga xiyonat qilmasa, erkak kishi hech qachon noqulay vaziyatda qolmaydi.
— Savollarga uzoq o`ylanib, javob beryapsiz. Qaror qabul qilishda ham shundaymisiz?
— Tavakkal bilan ish ko`rmayman. Uzoq vaqt o`ylanib, so`ng qaror qabul qilaman.
— Intervyu so`ngida savollarga bergan javoblaringiz haqida o`zingizning fikringizni eshitmoqchi edim...
— Hech qaysi javobdan ko`nglim to`lmadi! O`ylagan gapimni to`liq tushuntirib berishga qiynalaman. Ko`nglimdagidek javob qaytarishim uchun uzoq vaqt kerak. Bu odatim esa juranlistlarga to`g`ri kelmaydi. Bugungi suhbatimiz muxlislarga ma`qul kelsa bo`lgani.
ShOHRUXXON haqida...
- 1985 yilning 29 mayida Toshkent shahrida tug`ilgan.
- San`atdagi faoliyatini 2005 yil boshlagan.
- 100ga yaqin qo`shiqlar va 50dan ortiq kliplar sohibi.
- Bugungi kunga qadar 2 marotaba yakkaxon konsert dasturini taqdim etgan.
- Filmlardagi rollari soni 15 ta.
Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi.
Fotomuhbir: Ravshan ShOKIROV





