O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe 16 iyun kuni ilk davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi. 17 iyun kuni Ko`ksaroy qarorgohida Koreya Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo`ldi. Bu haqda O`zbekiston Milliy axborot agentligi xabar beradi.
Prezidentlar Islom Karimov va Pak Kin Xe tor doiradagi uchrashuvida ikki tomonlama munosabatlarga doir masalalar, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muzokarada siyosiy muloqotlarni izchil davom ettirish, erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishni monitoring qilib borish, axborot texnologiyalari, quyosh energetikasi, qishloq xo`jaligi, ta`lim kabi sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi. Tomonlar bundan buyon ham xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumi doirasida bir-birini qo`llab-quvvatlaydi.
Xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm, diniy ekstremizm, uyushgan transmilliy jinoyatchilik va narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda izchil hamkorlik qiladi. Prezidentlar muloqoti ikki mamlakat rasmiy delegasiyalarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokarasida davom etdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga oid masalalarni muhokama qildilar.
Kunning ikkinchi yarmida Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xe O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev hamrohligida Mustaqillik maydoniga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bu erda amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tufayli O`zbekistonning bosh maydoni nafaqat xalqimiz faxru g`ururiga xos zamonaviy qiyofa kasb etdi, ayni paytda uning yurtimiz hayotidagi ahamiyati ham yuksaldi.
Koreya Respublikasi Prezidenti xalqimizga hurmat-ehtiromini izhor etib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz, ezgu niyatlarimiz ramzi bo`lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo`ydi. Pak Kin Xe bu maydon muhtasham binolari, ko`rkam bog`lari, go`zal favvoralari bilan yaxlit ansambl hosil qilganini ta`kidladi. Bu erda yaratilgan me`moriy asarlar tabiatning go`zal in`omlari bilan mohirona uyg`unlashtirilgani o`zida katta taassurot qoldirganini alohida qayd etdi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening O`zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi davom etmoqda.





