AsosiyJamiyat

“The independent” Ermatovni ozarbayjonlik deb yozdi va xatosini to`g`irladi

Britaniyaning eng mashhur nashrlaridan biri “The Independent” kecha bo`lib o`tgan Shveysariya - Ekvador bahsiga sharh berayotib, uchrashuvni boshqarib borgan FIFA referisi Ravshan Ermatovni ozarbayjonlik hakam deb yozdi. Bu haqda Championat.asia sayti xabar bermoqda.

Kecha JCh-2014da “E” guruhining 1-tur bahslari odirasida kechgan Shveysariya – Ekvador uchrashuvini hamyurtimiz Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib bordi. Ermatovga qanotlarda Abdulhamid Rasulov bilan Bahodir Qo`chqorov yordam berishdi. Uchrashuvda Shveysariya terma jamoasi 2:1 hisobida g`alaba qozondi.

“The Independent” nashri esa o`z saytiga Ermatovni ozarbayjonlik referi deb yozdi.  O`yinga sharh bergan jurnalist bu borada shunday yozgan: “O`yin durang natija bilan yakuniga etay deb turgan bir paytda Valon Bexrami boshlab bergan qarshi hujumni Seferovich golga aylantirdi. Bu vaziyatda ozarbayjonlik hakam Ravshan Ermatov o`yinni davom ettirishga yo`l qo`yib berib juda to`g`ri qaror qabul qildi”. 

Bir nechta foydalanuvchilarning uni o`zbekistonlik ekanligi haqidagi izohlaridan so`ng, nashr tahririyati ushbu xabardagi xatoni to`g`irlab qo`ydi.

    Boshqa yangiliklar