O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 13 iyun kuni Oqsaroyda Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidentining maxsus yordamchisi, AQSh milliy xavfsizlik kengashining Rossiya va Evroosiyo bo`yicha katta direktori Selest Anna Uollanderni qabul qildi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
Muloqot chog`ida turli sohalardagi o`zaro hamkorlikning dolzarb masalalari, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim muammolar atroflicha muhokama qilindi.
O`zbekiston 1993 yil 28 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud barpo etish to`g`risidagi shartnomaning Xavfsizlik kafolatlari to`g`risidagi protokoli yadro quroliga ega besh davlat, jumladan, AQSh tomonidan imzolandi. Bu Yadro qurolini tarqatmaslik to`g`risidagi shartnomaning amalga oshirilishiga ulkan hissa bo`lib qo`shildi. Mazkur Protokolni ratifikasiya qilish jarayonining yakuniga etkazilishi global miqyosda qurolsizlanish va qurollarni tarqatmaslik hamda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash mexanizmlarini shakllantirishning muhim omili bo`ladi.
Suhbat chog`ida Afg`onistondagi vaziyat, uning mintaqadagi jarayonlarga ta`siri, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.





