O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 6 iyun kuni Oqsaroyda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Joze Grasianu da Silvani qabul qildi. Bu haqda O`zA xabar beradi.
Davlatimiz rahbari “O`zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi faol ishtiroki uchun mehmonga minnatdorlik bildirdi. Prezidentimiz FAO oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo`jaligini rivojlantirishga doir xalqaro siyosat va tadbirlarni ishlab chiqish borasida jahon hamjamiyatining muhim instituti ekanini qayd etdi.
O`zbekiston BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkilotiga a`zo bo`lgan 2001 yildan buyon mamlakatimizda sakkizta milliy va mintaqaviy loyiha amalga oshirildi. Ayni paytda milliy va mintaqaviy ahamiyatga molik yana beshta loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.
Uchrashuvda FAO asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va qishloq xo`jaligi resurslari bo`yicha xalqaro va mintaqaviy muvozanatni shakllantirish, rivojlanayotgan mamlakatlarga eng ilg`or seleksiya va erga ishlov berish usullari, zamonaviy qishloq xo`jaligi texnikasi va asbob-uskunalari ishlab chiqarish texnologiyalarini jalb etishda, to`g`ri va to`yimli ovqatlanishni ta`minlash masalasini xalqaro darajaga ko`tarishda muhim o`rin tutishi ta`kidlandi.
Suhbat davomida oziq-ovqat ta`minoti, qishloq xo`jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat ekinlarining qurg`oqchilikka chidamli yangi navlari va dehqonchilikning zamonaviy usullarini joriy etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Joze Grasianu da Silva samimiy qabul va konferensiyaning yuksak saviyada tashkil etilgani uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdi. Mazkur forum oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash hamda qishloq xo`jaligini rivojlantirish kabi dolzarb muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonch bildirdi. Mehmon FAO O`zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishga tayyor ekanini yana bir bor ta`kidladi.





