Kuni kecha O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hay`atining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Unda Bosh prokuraturaning boshqarma va bo`lim boshliqlari, ularning o`rinbosarlari, viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig`i ishtirok etdilar.
Hay`at majlisida “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to`g`rsida”gi qarorining ijrosi, Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasining qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyatini kompleks tekshirish yakunlari muhokama qilindi.
Majlisda joriy yilning 1 apreliga qadar jami 69.497 nafar shaxsga nisbatan amnistiya akti tatbiq etilganligi, ularning 43.082 nafari jinoiy javobgarlik va jazodan, shu jumladan 3.237 nafari ozodlikdan mahrum qilish jazosini o`tash joylaridan va tergov hibsxonalaridan ozod qilinganligi ta`kidlandi, deya xabar beradi Bosh Prokuratura rasmiy sayti.
Shuningdek, ozodlikdan mahrum qilish joylaridan bo`shatilgan shaxslarning ijtimoiy ko`nikmasi va himoyasini ta`minlash, ishga joylashtirish borasida ham tegishli tadbirlar amalga oshirilganligi qayd etildi.
Shular bilan birgalikda bu borada yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklar tanqid ostiga olinib, bunday holatlarga yo`l qo`ygan viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning tushuntirish va izohlari eshitildi.
Bosh prokuror tomonidan viloyatlar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar, tegishli tarmoq rahbarlari, shuningdek Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig`i zimmasiga amnistiya qarorlari qonunlar ijrosi ustidan ta`sirchan nazoratni ta`minlashda mas`uliyatni yanada oshirish yuzasidan qat`iy vazifalar yuklatildi.
Shuningdek, majlisda Qoraqalpog`iston Respublikasi prokuraturasida O`zbekiston Respublikasining «Prokuratura to`g`risida»gi Qonunida belgilangan vazifalar va prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo`nalishlari bo`yicha ishlarni tashkil qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qo`riqlanadigan manfaatlarini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan muayyan ishlar bilan bir qatorda, ayrim sohalarda xato va kamchiliklarga yo`l qo`yilganligi ta`qidlab o`tildi.
Qoraqalpog`iston Respublikasi prokurori oldiga qonunlar ijrosiga, ayniqsa, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga bo`lgan munosabatni keskin o`zgartirish va nazorat faoliyatining samaradorligini yanada oshirish borasida qat`iy talablar qo`yildi.
Bosh prokuraturaning boshqarma va bo`limlari rahbarlariga Qoraqalpog`iston Respublikasida tegishli sohalar bo`yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, hududda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.
Hay`at majlisida ko`rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi va ijrosini ta`minlash uchun joylarga yuborildi.





