AsosiyJamiyat

40 dan ziyod korxonalar AKT sohasida bo`sh ish o`rinlari taklif qildilar

Kuni kecha Toshkent axborot texnologiyalari universitetida aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasi mutaxassislari uchun bo`sh ish o`rinlari yarmarkasi tashkil etildi.

Yarmarkada aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi 40 dan ziyod korxonalar, shuningdek davlat organlari mavjud ish o`rinlari to`g`risida ma`lumotlar bilan qatnashdilar. Tadbirning maqsadi kompaniya va korxonalarga yosh, iste`dodli va istiqbolli xodimlarni jalb qilish, yosh mutaxassislarga ishga joylashishda ko`maklashishdan iborat.

Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikasiya texnologiyalari sohasida kadr tayyorlovchi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, akademik lisey va kasb-hunar kollejlarni turli mutaxassisliklar bo`yicha 25 mingdan ziyod yoshlar bitirib chiqmoqda.

Mazkur yarmarka ularni ish bilan ta`minlash, bo`sh ish o`rinlariga yo`naltirish, mavjud bo`sh ish o`rinlari, talab va ehtiyojni o`rganish maqsadida an`anaviy ravishda o`tkazib kelinmoqda.

Yarmarkada ish izlovchi sifatida nafaqat talabalar va OTM bitiruvchilari, balki mamlakatimizdagi IT-mutaxassislar tayyorlovchi kasb-hunar kollejlari va liseylari o`quvchilari ham ishtirok etdilar.

Bu kabi tadbirlarni respublikamizning barcha mintaqalarida yoz mobaynida o`tkazish ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar