AsosiySiyosat

O`zbekiston va Tojikiston san`at ustalari ishtirokida «Do`stlik kechasi» bo`lib o`tdi (foto)

'O`zbekiston va Tojikiston san`at ustalari ishtirokida «Do`stlik kechasi» bo`lib o`tdi (foto)'ning rasmi

Dushanbe shahrining «Ko`hi Borbad» san`at saroyida O`zbekiston va Tojikiston san`at ustalari ishtirokida konsert bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zbekiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoev va Prezident Emomali Rahmon ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari o`z nutqida xalqlarimiz do`stligining shonli an`analari bugun suv va havodek zarurligi, ushbu bebaho merosni asrab-avaylash va rivojlantirish kelajak avlodlar oldidagi muqaddas burchimiz ekanini ta`kidladi.

Biz o`zbek va tojik xalqlari o`rtasida do`stlik ko`prigini mustahkamlash bo`yicha astoydil harakat boshladik. Niyatimiz yor bo`lib, ezgu maqsadlarimizga erishamiz, inshoolloh.

Biz do`stlik va insoniylik nuqtai nazaridan qo`shnilarimiz bilan, avvalo, qardosh Tojikiston bilan hamisha do`st va birodar, hamkor va hamjihat bo`lamiz, dedi Shavkat Mirziyoev.

Keyingi paytlarda madaniy-gumanitar sohadagi aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. O`tgan yili ikki mamlakatda O`zbekiston va Tojikiston madaniyati va san`ati kunlari, ko`rgazmalar, ijodiy safarlar va ko`plab boshqa tadbirlar tashkil etildi. Xalqlarimiz madaniy hayotida muhim voqea bo`lgan ushbu anjumanlar odamlarga katta quvonch bag`ishladi.

Tojikistonlik ijodiy jamoalar Samarqandda o`tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining doimiy ishtirokchilaridir. O`zbekiston estradasining taniqli namoyandalari va Toshkent sirki ijodkorlari gastrollari bilan tojikistonlik san`at muxlislarini xushnud etib kelmoqda.

Bu galgi konsert ham O`zbekiston va Tojikiston xalqlari o`rtasidagi madaniy yaqinlik, do`stlik va yaxshi qo`shnilik munosabatlarining navbatdagi namoyishi bo`ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoevning Tojikistonga davlat tashrifi davom etmoqda.


    Boshqa yangiliklar