Bolaligimdan kinoni yaxshi ko`raman. Katta bo`lganimda albatta kinochi bo`laman, derdim. Bugun kasbim sabab kinoga “aralashaman-u”, baribir kinochimasman! Har safar “O`zbekfilm” kinostudiyasiga borganimda yuragimning tub-tubidagi o`sha orzu “bosh ko`taradi”. Bugun ham kino haqida suhbatdosh izlab, “O`zbekfilm”ga bordim. Izlagan odamimni “72 xonadan topasiz”, deyishdi... U xona esa qulf, 73 xona ochiq... Xullas, 73 xonadagi suhbatni sizga ham ilindim...
— Ayub aka, “Turist”ni ko`rdim. Nimagadir bu g`oya sizga “taklif qilingan”, deb o`yladim...
— To`g`ri, taklif bilan ishladim. Ammo yomon film bo`lmadi. E`tirozlar bilan birga yaxshi gaplarni ham eshitdim.
— “Parizod” ijodingizda o`ziga xos ahamiyatga ega kinokartina. U bir nechta xalqaro kinomukofotlarga loyiq topildi. Albatta bu quvonarli! Ammo qulog`imga “Shu filmni tushunmadim”, degan gap-so`zlar ham chalindi?
— Bu tabiiy... Axir har bir tomoshabinni o`z dunyoqarashi bor. Ularni bir darajada baholashning imkoni yo`q. Parizod — estetik ideal qahramon. Film yakunida uni osib o`ldirish yoki boshqacha echimdan ham foydalanish mumkin edi. Ammo menga boshqa narsa kerak edi. U — pokizalik, halollikni yaxshi ko`radi. Uchragan kimsalarning ma`lum ma`noda vijdoniga ta`sir ko`rasata olishi bilan ahmiyatli. Film Evropa Ittifoqi hududidagi qator anjumanlarda ham namoyish qilindi. Shunda ishtirokchilardan biri “Bu qiz birgina qishloq uchun emas, u istagan joyida paydo bo`lishi mumkin”, dedi.
— “O`zbekfilm”dagilar kassa uchun kurashmaydi, tayyor mablag`ga film oladi, degan munosabatga qanday qaraysiz?
— Bu noxolis odamning fikri! Avvallari to`g`risi, bunday jumlalarni ishlatmasdim. Davlat buyurtmasi asosida ishlanadigan filmning mas`uliyatini his etish kerak. Kechirasiz-ku, to`rtta o`rtoq pivo ichib o`tirganida kelgan g`oya bilan “O`zbekfilm”da kechayotgan jarayonlarni tenglashtirib bo`lmaydi. Berilayotgan mablag` asosan ijodiy ishlab chiqarish uchun ketadi. Gonorarga kelsak, ayrimlar vahima qilganidek katta emas. Ikkinchidan, “O`zbekfilm”da ishlayman, yaxshi film suratga olaman, degan odamga yo`l ochiq. Eshitganman, “To`ychiev, Shahobiddinov, Musoqov “O`zbekfilm”da film ishlaydi”... O`sha odamlarni tushunmayman, nima uchun 5-6 yil vaqt sarflab o`qiganiga?! Ularning darajasi ham o`zlari aytgan “Kassabop film”ga mo`ljallangan. Suhbatini eshitsangiz hayron qolasiz, qandaydir to`yni tashkillashtirish haqida gaplashib, film olishadi... Dunyo kinosidan klassik rejissyorlarni tanimaydi, bugungi jarayonlarni tahlil qilishni o`ylamaydi ham... Ular bilan haqiqiy kino haqida, san`at durdonalari haqida miriqib gaplashib bo`lmaydi. Har doim ham yaxshi ijodiy muvaffaqqiyatga erishib bo`lmas, lekin zamonaviy o`zbek kinosi qiyofasi uchun “Vatan”, “Chashma”, “Voiz” kabi “O`zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan asarlarning borligini alohida ta`kidlash kerak.
— “Kechikkan hayot”ning auditoriyasi keng. Oltin o`rtaliq yaxshi topilgan...
— To`g`ri, ammo bu juda mushkul. Yoshlarbop film olish niyatim bor. “Kechikkan hayot”da shuning o`rtasini topishga harakat qilganmiz. Chegara buzilmasligi kerak. Ham tomoshabin uchun, ham o`zingiz mazza qilib ishlaydigan kinokartinaga erishish osonmas. Aynan tomoshabinbop qilib ishlasangiz, ertaga boshqa jurnalist kelib “Binoyidek ishlayotgandingiz, nimaga bunday yo`nalishida film oldingiz?” deyishi mumkin (kulib). Tijorat filmlarim bor. “Telba”, “Sevinch”ni o`n-o`n besh martalab ko`rdim deyishadi. Hatto “Turist”ni ham so`rashadi. O`sha kinokartinalarning diskini sovg`a qilsangiz xursand bo`ladi. Yana bir holat: o`sha tomoshabin boshqa filmimni u qadar tushunmasligi yo ko`rmasligi tabiiy.
— To`liq komedik janridagi filmlaringiz bormi?
— Komediya juda oson va juda murakkab janr. Bu janrda film ishlamasam kerak. Lekin vaqti kelib, fikrim o`zgarishi ham mumkin. Hujjatli film olmasam kerak, derdim. Mana yaqinda shu yo`nalishda O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf haqida film oldim. Aslida tuyg`ularimni tahlil qilish uchun film olaman. Agar ijodiy jarayonda men o`zimga taalluqli nimadir ko`rmasam, ishlamayman.
— Nazarimda, bugun kino sanoatida janrlar aralashib ketgandek. Nozik komediya, drama-melodramma... Yoki men xato o`ylayapmanmi?
— Janrlarni tushunish uchun qomusiy bilim kerak. Bilmaganni qanday qilib ko`rsatish mumkin?! Janrlarning buzilishini film uchun yozilgan musiqiy echimda ham ko`rish mumkin. Sato, tanbur va evropaga xos soz ovozi...ekranda aktyor yig`lab turibdi... Bu holni qanday tahlil qilish mumkin. Qay biri ta`sir ko`rsatadi? Bog`lanish qani? Bitta kartinada QVZ, “Otalar so`zi”ga xos sahnalar, keyin “hindcha nigoh” ozgina lirik chekinish, koreys filmlariga xos nimadir va oxirida Shekspirona fojea aks etsa?!. Bu jarayonda qanday janr tug`ilishini tasavvur qiling?!
— Xotirjam ko`rinasiz. Suratga olish maydonida ham shundaymisiz?
— Ish boshlangandan keyin yangi g`oyalarni o`sha paytda filmga singdirib bo`lmaydi. Bir kuni Nozim To`laxo`jaev s`yomka jarayonida o`z fikrini to`g`rirog`i, aynan o`ynayotgan sahnasiga nisbatan qo`shimcha bir holatni jon kuydirib tushuntirdi. Uning gapi tugagach, indamay ortimga o`girilib ketibman. Bu bee`tiborlik emas, har bir fikrni, aytilgan so`zni mushohadasini keyinga olib qo`yaman. Soatlab suhbatlashish, bahslashishdan foyda yo`q. Ish ketayotgan paytida ko`zlagan maqsadimdan, ko`rgan kadrlarimdan chetga chiqolmayman.
— Aktyorlarimiz yosh yigit-qizdan amaki, tog`a, xola, ammaga aylanib qolishadi. Nimaga siz rejissyorlar 35-45 yoshli aktyorlardan unumli foydalanmaysiz?
— Agar 45 yoshli Shohrux Xon orqasiga ryukzak osib, 20 yoshli kollej talabasini o`ynasa yarashadi. Amitabx Bachchan 70 yoshida muhabbat maktubini yozsa ham ishonamiz. Ekranda bizning tomoshabinimiz hozir Ulug`bek Qodirovning talabaligiga ishonmaydi. Agar Baxtiyor Qosimov To`ti Yusupovaga “Sen yuragimning to`ridasan”, degan ma`nodagi xat yozsa qabul qilolmaydi. Bu jarayon mentalitet bilan bog`liq vaziyat.
— Mubolag`asiz film olish mumkinmi?
— Qiyinroq... Mualliflik filmlarida hayotni ortiqcha buyoqlarsiz ko`rsatish mahorati bor. Aynan shunday kinokartinalarda siz aytgan jarayon bo`ladi. Bryus Uillis filmlarini olaylik, uning kinokartinalari siz aytayotgan mulohazadan umuman farq qiladi. U albatta yakuniy qismda sayyoramizni ofat-balodan qutqaradi (kulib)... “O`tov” yo “Parizod” to`laqonli mualliflik filmlari emas. Unda tomoshabinga yaqinlik bor. Masalan, kinorejissyor Andrey Tarkovskiyni ko`pchilik qabul qila olmaydi. Nimaga? Vaqtida men ham tushunmaganman. Lekin u bitta hissiyotning kichik nuqtasigacha ochib beradi. Bunday kinoni ko`ra olish uchun ham, tushunishga ham sabr kerak. Agar siz bularning uddasidan chiqsangiz, albatta nimagadir erishasiz. Qayta ko`rish jarayonlarida yangi fikrlarni kashf etib boraverasiz...
Shunday fikrlar bor, qanday yozishni bilmaysan... Ana shunisi alam qiladi. Suhbatni yozayapman-u, nihoyalash qiyin. Chunki, fikr ba`zida har qancha kelishtirib, o`xshatib yozilmasin, kutilgandek ta`sirga ega bo`lmasligi mumkin. Nazarimda, suhbatdoshim hayotga boshqalar (men ham!!! )o`ylaganidek faylasufona yondoshmaydi. Shunchaki, oddiy qaraydi, tahlil qiladi va undan o`zidan izlaydi. Ayub Shahobiddinov nigohida ana shunday tafakkurni, izlanishni ko`rdim. Va angladimki, undagi ODDIYlik – JO`Nlik emas!
Sevdo NIYoZOVA suhbatlashdi.





