Maktab... Esladik deguncha yuragimiz hapqirib, hayajonimizni bosolmay qoladigan, beg`ubor sho`xliklarimiz-u, ilk muhabbatimizga guvoh bo`lgan maskan. Unda kechgan har daqiqa biz uchun aziz, xotirlaganda esa ko`zimizdan sog`inch yoshlari xalqalanadi. Yana o`sha kunlarga qaytishni istamagan, maktab oshxonasida pishgan “pirojki”larni talashib, tortishib eyishni ko`z oldiga keltirmagan, qadrdon sinfxonalar, yo`laklardagi quvlashmachoqlarni sog`inmagan kishining o`zi topilmasa kerak. Sahifamiz qahramonlari ham o`z maktab yillarini, o`qituvchilarini damba-dam eslab turishsa-da, ularni yo`qlashga vaqt topmaydilar. Shu sabab 24 may — bitiruvchilar kuni munosabati bilan ularni bir erga jam qildik...
“Fanimdan tutgan daftarini saqlab qo`ygan ekan”

Aktrisa Shahzoda Muhammedova Toshkent shahridagi 24 maktabning sobiq o`quvchisi.
Nigora Hakimova, ona-tili va adabiyot o`qituvchisi: — Shahzoda bilan ko`rishmaganimizga 10 yil bo`ldi. Shuncha yildan keyin eslaganiga qoyil qoldim. Aslida maktabda eng namunali qizlardan edi. Meni fanimni juda katta qiziqish bilan o`qirdi. Alisher Navoiyning g`azallarini juda chiroyli yod olardi. O`sha vaqtlarda meni fanimdan tutgan daftarlarini hali ham saqlab qo`yganini qarang...

Shahzoda Muhammedova, aktrisa: — Nigora opa juda qattiqqo`l ustoz. Hatto bilgan narsamni ham aytishga qo`rqib turardim. Ammo shu qattiqqo`lliklari juda qo`l kelgan. Boshqa darslarda ko`chada shataloq otib yuradigan bolalar ham, Nigora opaning darsida sinfxonada bo`lishardi. Bir kuni qaysidir bayram munosabati bilan Nigora opamga sovg`a olib borganman. Ular dars o`tayotgan xonaning eshigini taqillatib, “Ustoz bayramingiz bilan, buni sizga olib kelgandim” desam, “Bayram o`tib ketdi, darsinga bor”, deb sovg`amni olmagan. (Kulib) Shunchalik qo`rqoq bo`lganimdan uddallab sovg`amni ham berolmaganman.
“Og`zimga “skotch” yopishtirib qo`ygan”

Sherzod Saydialiev, Toshkent shahridagi 131 - maktabning sobiq o`quvchisi.
Gulnora Zokirova, nemis tili o`qituvchisi: — Sherzod yaxshi o`qirdi-yu, lekin sho`xliklari 5 baxosini 2 ga aylantirib qo`yishi hech gap emasdi. Ko`pincha darsga kech qolishi sabab gap eshitardi. Tadbirlarda boshlovchilik qilish deysizmi, kimnidir kuldirishmi Sherzoddan ortmasdi. (Kulib) Qaysidir tadbirda bo`yniga soat ilib olib, Soat Sharipovga taqlid qilib chiqqanini hali-hali kulib eslaymiz.

Sherzod Saydialiev, aktyor, taqlid ustasi: — Maktabdagi hamma voqealar xuddi kechagidek yodimda turibdi. Gulnora opa meni qancha koyimasin baribir ularni yaxshi ko`rardim. Bir kuni o`qituvchimizning darsida og`zim tinmay gapiraverganman. Haligi o`qituvchim chidab turolmay og`zimga “skoch” yopishtirib qo`ygandi. O`shanda ham Gulnora opa o`rtaga tushgan.
“Darsdan qochadigan odatini yo`q qilolmagan”

Tohir Usmonov, Toshkent viloyatidagi 2 - maktab sobiq o`quvchisi.
Nargiza Gaipova, boshlang`ich sinf o`qituvchisi: — Tohir maktabimizdagi eng erkatoy bola edi. Qancha sho`xlik qilmasin, kulib turganini ko`rgach hech kim uni urisholmasdi. Yuqori sinflarga o`tganida boshqa bolalarga qo`shilib sinfxona oynasidan sakrab, darsdan qochayotganini ko`rib qolgandim. Yaxshilab qulog`ini cho`zib qo`ydim. Tarki dunyo amri mahol, deganlaridek bola bechora oynadan oshib tushishni eg`ishtirsa-da, darsdan qochadigan odatini yo`q qilolmadi.

Tohir Usmonov, xonanda: — Boshqalar men haqimda nima deydi - bilmadim-u, fikrimcha maktabda juda odobli o`quvchi bo`lganman. Hech qachon ustozlarning chizgan chizig`idan chiqmasdim. Birorta darsni qoldirmaganman. (Kulib) Voy, o`zimni yolg`onimga o`zim ishonayozibman. Ha endi juda ikkiga emas-u, lekin 4 bahoga o`qiganim rost.
“Sho`xligi butun maktabga tatirdi”

Sevara Solieva, Toshkent shahridagi 3 maktabning sobiq o`quvchisi.
Muhabbat Do`stqobilova, tarix fani o`qituvchisi — Sevara maktabda ikkita dugonasidan ajralmay yurardi. O`quvchilar ularni “Setora” guruhi deyishardi. Bir necha bor ularni boshqa-boshqa sinflarga bo`lib tashlashga harakat qilganmiz, ammo natija bo`lmagan. Sevara juda aqlli qiz bo`lishi bilan birga sho`xliklari ham butun maktabga tatirdi.

Sevara Solieva, aktrisa: — Muhabbat opani ko`p-ko`p eslab turaman, sog`inaman. Nafaqat o`z fanlariga, balki boshqa fanlarga ham qiziqish uyg`ota olgan. Kamchiliklarimizni nazardan chetda qoldirmasdi. Yutuqlarimizni esa butun maktab oldida e`tirof etardi.
“Ustozlarni xurmat qilishardi”

“Afruz” guruhi xonandalari Muzaffar va Jamshid Toshkent shahridagi 324 -maktabning sobiq o`quvchilari.
Feruza Rahmatullaeva, algebra fani o`qituvchisi: — Algebra faniga bolalarni qiziqtira olish juda qiyin ish. Muzaffar va Jamshidni ham bu fanga qiziqtirish juda qiyin kechgan. Uddasidan chiqqan, desangiz adashasiz. Ular sho`x, erga ursangiz osmonga sakraydigan bolalar bo`lgan bo`lsa ham ustozlarning hurmatini joyiga qo`yishardi.

“Afruz” guruhi: — Modomiki Feruza opaning darslarida ko`rinmay qolsak, ular bizni qaerdan topishni yaxshi bilardi. Sinfdoshlarimizga vazifalar berib, to`g`ri tadbirlar o`tkaziladigan zalga yo`l olardi. Ko`pincha eshik tirqishidan qo`shiq aytayotganimizni, o`zimizcha nimadirlar qilayotganimizni kuzatib turganini ko`rganman. Lekin, hech qachon bu ishimiz uchun bizni koyimagan.
“Savol beraverib charchamasdi”

Ziyoda Qobilova, Toshkent shahridagi 299 maktabning sobiq o`quvchisi.
Hamida Jabborova, boshlang`ich sinf o`qituvchisi: — Ziyoda endigina maktabga kelgan paytlari kechagidek esimda. Kapalakdek uchib qo`nadigan, savol berib tinmaydigan qiz edi. Ko`pincha o`g`il bolalar sochidan tortsa yig`lab, partaga boshini qo`yib olardi.

Ziyoda Qobilova, “Nihol” mukofoti sovrindori: — Ustozim Hamida opa bilan anchadan beri ko`rishmaymiz, desam xato bo`ladi. Chunki, u kishi bizning uyimizga yaqin joyda yashaydi. Shunday bo`lsa-da ular bilan ko`rishishga, maktab xotiralarimizni bo`lishishga vaqt topolmaymiz.
Loyiha muallifi: Qamariddin ShAYXOV.
Fotomuxbir: Yulya KLEMENOVA





