Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan noqonuniy chiqindixonalarni aniqlash bo`yicha tezkor reyd o`tkazildi.
Tumandagi “Eyvalek”, “Axcha” va “Telov” mahalla fuqarolar yig`inida aholi tomonidan ruxsat etilmagan joylarga chiqindilarning tashlab ketilishi oqibatida hudud ifloslangani aniqlandi. O`rganishlar shuni ko`rsatadiki, mahallalardagi bunday chiqindi poligonlari tufayli sanitariya-epidemiologiya holat yomonlashib, yuqumli kasalliklar paydo bo`lishigacha borib etgan.
Ushbu holatni bartaraf etishga tuman obodonlashtirish boshqarmasi, ichki ishlar bo`limi, “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tuman filiali xodimlari jalb qilindi.
– Tumanda aholi, korxona va tashkilotlar tomonidan belgilanmagan joylarga chiqindilar tashlangani bo`yicha 14 huquqbuzarlik aniqlandi, – deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektori Sherzod Yo`ldoshev. – Ushbu holatlar yuzasidan qoidabuzarlardan 2 million 411 ming so`m jarima undirildi. Ammo joylardagi chiqindilarni vaqtida olib ketish bo`yicha muammolar ham etarli. Tumandagi 29 mahalla fuqarolar yig`iniga xizmat qiluvchi “Toza hudud” davlat unitar korxonasi tuman filiali tomonidan jalb qilingan 3 yuk tashuvchi avtotransport vositasining bittasi ta`mirtalab, 2 tasi esa barcha mahallalarga birdek xizmat ko`rsata olmaydi. Shuning uchun, har bir mahalla, ko`cha va uylar ozodaligini saqlashda aholi, ayniqsa, yoshlarning tartib va tozalik bo`yicha mas`uliyatini yanada oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Mahallalarda, ko`p qavatli uylar atrofida qo`shimcha tarzda chiqindi tashlash joylari tashkil etilayotir.
Tezkor reyd davomida chiqindilarni belgilanmagan joyga tashlayotgan fuqarolarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko`rildi. Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tumanga biriktirilgan inspektorlari mahallalar raislari bilan birgalikda bahor mavsumida hashar tashkil etish, hududning sanitariya holatini yaxshilash bo`yicha olib borilishi zarur bo`lgan ishlar yuzasidan tushuntirish, targ`ibot ishlarini o`tkazmoqda.
09.03.2018 04:57
Chiqindi tashlash bo`yicha 14 huquqbuzarlik aniqlandi






