O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashida O`zbekiston – Rossiya yoshlari ikkinchi forumining ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Forumda ikki mamlakat delegasiyalari a`zolari, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, iqtidorli yoshlar ishtirok etdi.
O`zbekiston-Rossiya yoshlar forumi Podmoskoveda AN-148 samolyoti halokati qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut bilan boshlandi.
Mazkur forum O`zbekiston yoshlar ittifoqi bilan Rossiya yoshlar ittifoqi o`rtasida imzolangan o`zaro hamkorlik to`g`risidagi Anglashuv memorandumiga muvofiq o`tkazilmoqda. Anjuman ikki davlat yoshlari o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, Rossiya yoshlar ittifoqi vakillari bilan o`zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Forum 12-18 fevral kunlari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida o`tkazilishi belgilangan.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar siyosati masalalari bo`yicha Davlat maslahatchisi – O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboev, Rossiya yoshlar ittifoqi raisi Pavel Krasnokutskiy forum yoshlar tashkilotlari o`rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, do`stona munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishini ta`kidladi.
Forum doirasida ikki davlat yoshlari o`rtasida o`zaro muloqot, tajriba almashish muhitini yaratish, tadbirkorlik, turizm sohalarini rivojlantirish istiqbollari, yoshlar tashkilotlari o`rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo`yicha qator dasturlarni muhokama etish mo`ljallanmoqda. Ishtirokchilar Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetining texnoparki va Yoshlar ijod saroyiga tashrif buyuradi. Yosh ishlab chiqaruvchilarni qo`llab-quvvatlash hamda yoshlar siyosatida fan va ta`lim kabi mavzularda davra suhbatlari tashkillashtiriladi.






