AsosiyShou-biznes

Poytaxtdagi barcha favvoralar maydonida “Favvoralar sayli” o`tmoqda

«Sog`lom bola yili» Davlat dasturi doirasida yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun qo`shimcha qulayliklar va dam olish madaniyatining yangi zamonaviy an`analarini yaratish maqsadida 1 may kuni poytaxtdagi barcha favvoralar  maydonida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlari o`tkazilmoqda.

Sayl O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 23 apreldagi qaroriga muvofiq yosh avlodni ma`naviy boy va jismonan sog`lom etib tarbiyalash, ularni milliy g`oya va an`analar ruhida kamol toptirish, jamiyatda o`zaro hurmat, mehr-oqibat va xamjihatlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan.

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, belgilangan rejaga ko`ra, shahar bo`ylab, xususan “Ma`rifat markazi va Simpoziumlar saroyi” kirish qismidagi, “Sayilgoh” maydonining ichki qismidagi, “Bolajon”, “Mirzo Ulug`bek”, “Lokomotiv” madaniyat va istirohat bog`lari, “Interneshnl Toshkent” (sobiq Interkontinental) mehmonxonasi kirish qismidagi, “Xadra maydoni”da yangi qurilgan hamda “Davlat Sirki” binosiga kirish qismidagi, Bobur ko`chasidagi, “Istiqlol” san`at saroyi orqa maydonidagi, “Alisher Navoiy” nomidagi akademik katta teatrining kirish qismidagi, Mustaqillik maydonidagi “Motamsaro ona” haykali orqa qismidagi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent irigasiya va meliorasiya instituti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hududidagi favvoralar atrofida o`ziga xos madaniy tadbirlar tashkil qilinadi.

Ularda badiiy jamoalarning chiqishlari, poytaxtda ijod qilayotgan teatr va kino akterlari, yozuvchi-yu shoirlar bilan muloqotlar uyushtiriladi.  

Tadbir davomida “Barkamol avlod” bolalar markazi, musiqa va san`at maktablari hamda ixtisoslashgan ta`lim muassasalari o`quvchi va talabalarining ijodiy ko`rgazmasi hamda yosh rassomlar tomonidan mahorat saboqlari o`tkaziladi. Mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni aks ettiruvchi, yoshlarni ezgu maqsad yo`lida birlashtiruvchi ko`rgazmali panno va bannerlar bilan bayramona bezatilgan favvoralar atrofida salqin ichimliklar, muzqaymoqlar, shirinliklar va bolalar o`yinchoqlari savdosi ham tashkil qilinadi.

 

    Boshqa yangiliklar