G`ijduvon tumanidagi Gajdumak aholi punkti hududida, Buxoro — Toshkent magistral yo`lining shundoq yoqasida har kuni saksovul, yulg`un, o`rik yog`ochi ortilgan mashinalar turnaqator tiziladi. Qish-qirovli kun emasmi, ularning bozori chaqqon, deb yozadi “Xalq so`zi” muxbiri.
— Keling, saksovulni 800 ming so`m, deb turibman, kami bor, — deydi avtomashina haydovchilaridan biri.
— Yulg`un olaman desangiz, arzonlashtirib beraman, — deydi yana biri avtoulovga ishora qilib.
Yana biri esa qiziquvchanligimizdan xavotirlanib, “Aka, tirikchilik-da” degan ko`yi o`zini chetga tortadi.
Echkiga jon qayg`usi, qassobga yog`, deganlaricha bor. Shu yo`l bilan tirikchilik qilayotganlar ona-tabiatga naqadar katta ziyon etkazishayotganini o`ylab ko`risharmikan?! Axir, saksovul bilan yulg`un cho`lning asosiy o`simliklaridan sanalishadi. Qum ko`chkilarining oldini olishda, garmsel shashtini pasaytirishda, ekomuhitni yaxshilashda ularning xizmati beqiyos. Ammo buni xayoliga ham keltirmagan “shovvozlar” bir avtomashina saksovulni falon so`mga pullash bilan ovora.
Gajdumakda esa... tabiiy gaz yo`q. To`g`ri, suyultirilgan gaz ta`minoti yo`lga qo`yilgan. Ammo u choy qaynatish, ovqat pishirishdan ortmaydi. Ko`mir ta`minoti haminqadar. Shunday bo`lgach, xonadon egalari yulg`unu saksovul ortilgan mashina egalarining “beminnat” xizmatlaridan foydalanishga majburlar. Bunday oilalar soni esa kam emas. Mabodo, shu hududdagi aholi xonadonlari tabiiy gaz yoki energiyaning biror turi, qo`yingki, arzon ko`mir bilan muntazam ta`minlash yo`lga qo`yilganida, ortiqcha sarf-xarajat qilinmas, odamlarning tashvishi engillashar, eng muhimi, bebaho cho`l o`simliklariga ziyon etmas edi.






