23 va 27 aprel kunlari Toshkent shahrida avtobus yo`nalishlarini yanada maqbullashtirish, harakatlanadigan tarkibning rasional miqdorini aniqlash maqsadida transportning barcha turlarida yo`lovchilar oqimi kompleks o`rganib chiqiladi, bu haqda Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabar beradi.
Toshkent shahar hokimligi, O`zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasi, shahar hokimligining yo`lovchi transportining barcha turlari harakatini lisenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti hamkorligida o`tkazilayotgan mazkur jarayonda oliy o`quv yurtlari talaba va xodimlari yaqindan yordam beradilar. Xususan Toshkent avtomobil yo`llari instituti hamda Turin politexnika universitetidan 11 mingga yaqin talaba hisobchi sifatida jalb etilib, ular yo`lovchilar transportga chiqqanda bekatning raqami ko`rsatilgan talonni beradilar va yo`lovchi manziliga etib olganda talonni qaytarib olib, bekat raqamini yozadilar. Mazkur talonlar transport so`nggi bekatga kelganda ta`lim dargohlaridan yo`nalishlarga biriktirilgan mas`ul xodimlar yordamida yo`nalishning boshlangan va tugallangan vaqti ko`rsatilgan maxsus idishlarga solinib, ushbu ma`lumotlar atroflicha o`rganib chiqiladi. Bu esa o`z navbatida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik kompaniyasiga yo`nalishda yo`lovchilar oqimiga qarab kunning turli paytlarida katta yoki o`rta sig`imdagi transportdan foydalanish, ba`zi yo`nalishlarga o`zgartirish kiritish kabi aholiga foydali xulosalar chiqarishga va amalda qo`llashga xizmat qiladi.
Xabaringiz bor, 2013 yil 9 oktyabrida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida yo`lovchi tashish trnasportini tashkil etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilingan edi. Uning ijrosini ta`minlash yuzasidan esa Vazirlar Mahkamasining “Shahar yo`lovchi tashish transporti tizimini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarori tasdiqlanib, unda qator loyihalar amalga oshirilishi belgilab qo`yildi. O`tgan yilning dekabr oyidan boshlab jamoat transporti harakatini monitoring qiluvchi GPS tizimi poytaxtdagi 8 ta avtobus yo`nalishiga tatbiq qilingani sohadagi ijobiy o`zgarishlarning debochasidir. Qarorda belgilanishicha, joriy yilning yakuniga qadar GPS-uskunalari Toshkent shahridagi barcha jamoat avtobuslariga o`rnatiladi.
Toshkent shahar hokimligi poytaxtimizda ko`rsatilayotgan transport xizmatlari samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan mazkur tadbirga e`tiborsiz bo`lmaslik, manzillarga etib olish jarayonining yangi sifat bosqichiga ko`tarilishiga barchani hissa qo`shishga chaqirdi.





