Milliy matbuot markazida O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan sel-toshqin va er ko`chki hodisalari bilan bog`liq favqulodda vaziyatlardan aholi va hududlarni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi.
Unda Ichki ishlar, Sog`liqni saqlash, Qishloq va suv xo`jaligi vazirliklari, “O`zgidromet” markazi, Geologiya va mineral resurslar Davlat qo`mitasi, “O`zavtoyo`l” kompaniyasi mas`ul xodimlari ishtirok etdi, deya xabar beradi O`zA.
Joriy yilning o`tgan davrida “O`zgidromet” markazi, Geologiya va mineral resurslar Davlat qo`mitasi hamda Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi mutaxassislari bilan hamkorlikda Toshkent, Namangan, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining tog`li tumanlaridagi qor ko`chish va sel kelish xavfi bo`lgan hududlarni o`rganish bo`yicha 4 marotaba aerovizual kuzatuv olib borildi.
- 2014 yilda mamlakatimiz aholisi va hududlarini sel-toshqinlar va er ko`chki hodisalari bilan bog`liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo`yicha izchil chora-tadbirlar belgilangan, - deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligining aholi va hududlarni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari, polkovnik Abror Qosimov. - Shunga muvofiq, tabiiy ofat xavfi bo`lgan hududlarda yashayotgan aholini muhofaza qilish, daryo va soylarning qirg`oqlarini mustahkamlash va o`zanlarini tozalash ishlari uchun kechiktirib bo`lmaydigan muhandislik himoya tadbirlarini amalga oshirish, toshqinlarning oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilayotir.
Bahor-yoz mavsumida sel-toshqinlarni talafotsiz o`tkazib yuborish, yuz berishi mumkin bo`lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida viloyat, shahar va tuman hokimliklarida tezkor shtablar tashkil etilib, ular aloqa va avtotransport vositalari bilan ta`minlandi.
Aholi va hududlarni toshqinlardan himoya qilishdagi asosiy tadbirlardan biri bu - sel yo`llarining suv oqimini to`liq o`tkazuvchanlik holatini ta`minlashdir. Shu maqsadda suv omborlari, selxona va sel yo`llari holati o`rganib chiqildi.
“O`zgidromet” markazi hamda Geologiya va mineral resurslar Davlat qo`mitasi xodimlari tomonidan xavfli hududlarda joylashgan xo`jaliklarga ogohnoma va ko`rsatmalar berilgan. Ushbu hududlardagi vaziyatni nazorat qilish maqsadida nazorat-kuzatuv postlari tashkil etilgan.
Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda mamlakatimiz aholisi va hududlarini sel-toshqinlar va er ko`chkisi hodisalari bilan bog`liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish borasidagi tadbirlar haqida batafsil ma`lumot berildi.





