15 aprel kuni mamlakatimizga Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va Hamdo`stlik masalalari bo`yicha katta davlat vaziri Saida Varsi tashrif buyurdi.
16 aprel kuni vazir O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida muzokara o`tkazdi. Muloqot chog`ida O`zbekiston bilan Buyuk Britaniya o`rtasidagi hamkorlik qator jabhalarda, jumladan, parlamentarizm sohasida ham izchil taraqqiy etayotgani, mazkur yo`nalishdagi aloqalarni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani alohida ta`kidlandi, deya xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Buyuk Britaniya parlamenti bilan hamkorlik bo`yicha guruhi hamda Buyuk Britaniya parlamentining “Britaniya-O`zbekiston” umumpartiyaviy guruhi o`rtasida imzolangan anglashuv memorandumi parlamentarizm sohasidagi o`zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda ikki mamlakat o`rtasida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jamiyatni rivojlantirishda parlamentning o`rni kengayib borayotgani qayd etildi.
– O`zbekistonda mamlakatni demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi Saida Varsi. – Buyuk Britaniya O`zbekiston bilan bu yo`nalishda faol tajriba almashish tarafdori.
Saida Varsining Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazida bo`lgan uchrashuvi chog`ida O`zbekistonda fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari ta`minlanayotgani alohida ta`kidlandi.
O`zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni to`liq bajarib kelmoqda. Bu borada BMTning tegishli organlari, ixtisoslashgan mexanizmlari bilan faol hamkorlik qilinmoqda.
Uchrashuvda O`zbekiston va Buyuk Britaniya o`rtasida inson huquqlarini himoya qilish borasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Buyuk Britaniya delegasiyasi O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ham muzokara o`tkazdi.





