AsosiyJamiyat

Ohangarondagi harbiy qism avtomashinasi o`g`irlab ketildi

' Ohangarondagi harbiy qism avtomashinasi o`g`irlab ketildi'ning rasmi

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida 9 yanvar kuni taxminan soat 17.35 da shahar IIBga noodatiy xabar kelib tushadi. Xabarga ko`ra, noma`lum shaxs Olmaliq shahar Amir Temur ko`chasidagi 15-uyning oldidan avtomashina o`g`irlab qochgani aniqlangan.

Voqeani o`rganish jarayonida Toshkent viloyati IIB xodimlari ushbu avtomashina Viloyatning Ohangaron tumanida joylashgan harbiy qismiga tegishli ekanligini aniqlashgan.

Harbiy qism xizmatchisi Sobir Bahodirovich Qurbonov boshqaruvidagi “UAZ-Xanter” avtomashinasini noma`lum shaxs noma`lum tomonga olib qochib ketadi.

IIB tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ushbu avtoulov Quyichirchiq tumani Toshovul hududi, Do`stlik ko`chasidan oqib o`tuvchi ariq yonidan topilgan.

Avtomashinani olib qochgan shaxs boshqaruvni yo`qotgan va avtomashinani ag`darib yuborgani ham aniqlangan.

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Olmaliq shahar Repina ko`chasi 3-uyda yashovchi, vaqtincha ishsiz, 23 yoshli Haydar Bunyodovich Baxtiyorov tomonidan sodir etilganligi aniqlanib, Jinoyat prosessual kodeksning 227-moddasi asosida qo`lga olingan.

Toshkent viloyati IIB Tergov boshqarmasining “UzNews.uz” ga ma`lum qilishicha, holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.

P.S Jinoyat prosessual kodeks talabi va tergov siri bois yuqorida keltirilgan ismlar o`zgartirildi.

    Boshqa yangiliklar