Poytaxtimizda Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkilotining (IKAO) mashina o`qiydigan harakatlanish hujjatlari xavfsizligini ta`minlash va yo`lovchilarni identifikasiya qilish tizimlarini boshqarish masalasiga bag`ishlangan mintaqaviy seminar bo`lib o`tdi.
Tadbir O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi va EXHTning O`zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi tomonidan tashkil etildi. Seminarni o`tkazishdan maqsad milliy mutaxassislarni Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkilotining mashina o`qiydigan harakatlanish hujjatlari sohasida tavsiya etilayotgan amaliyoti bilan tanishtirish va O`zbekistonning bu boradagi tajribasini namoyish etdi, deya xabar beradi O`zA.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi direktori N.To`raxo`jaev, EXHTning O`zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Derd Sabo va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida aviatashishlar xavfsizligini ta`minlash, aviatransport xizmatlaridan foydalanadigan yo`lovchilar uchun qulay sharoit yaratish borasida keng ko`lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta`kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2009 yil 23 iyunda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida” va 2011 yil 5 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmonlariga muvofiq mamlakatimizda fuqarolarning shaxsiy biometrik parametrlari va belgilangan ma`lumotlari haqida axborot jamlangan elektron chip hamda yuqori darajada himoyalangan biometrik pasportni joriy etish ishlari izchil davom etmoqda.
«Bugun har kuni 16 ming dona pasport ishlab chiqarilmoqda, ularning soni bugungi kunga kelib 5 millionga etdi. O`zbekistonda umumiy 20 mln. kishi pasport almashtirishi kerak», — deydi Davlat personallashtirish markazi direktori Najmiddin To`raxo`jaev. Bu haqda Uzdaily nashri xabar bermoqda.
O`zbekiston Respublikasi fuqarolariga berilayotgan yangi namunadagi pasport Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkiloti tomonidan tavsiya qilingan mashina o`qiydigan harakatlanish hujjatlarining o`ziga xos xususiyatlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Ushbu hujjatning joriy etilishi shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning qalbakilashtirilishiga qarshi himoya darajasini oshirish, davlat chegarasidan o`tishda shaxsni tezkor va aniq identifikasiya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro aviatashishlarni sifatli amalga oshirish hamda samaradorligini ta`minlashga yordam beradi. Mamlakatimizning ushbu tizimni joriy etish tajribasi xalqaro ekspertlarda katta qiziqish uyg`otmoqda.
– O`zbekiston fuqarosining biometrik pasporti personallashtirish sohasida dunyodagi eng ilg`or texnologiyalar qo`llanilganining yorqin namunasidir, – deydi «Oberthur Technologies» kompaniyasining (Fransiya) shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar loyihalari bo`yicha direktori Tibo Subriya. – Mamlakatingizda shaxsni identifikasiya qilish tizimida fuqarolar haqidagi ma`lumotlarni to`plashdan to chegara nazoratini amalga oshirishga qadar bo`lgan jarayonda xavfsizlikning yuqori darajasi ta`minlangan. O`zbekistonning bu boradagi tajribasi boshqa ko`plab mamlakatlar uchun namuna bo`lib xizmat qilishi mumkin.
Mintaqaviy seminar ishtirokchilari uch kun davomida butun dunyoda mashina o`qiydigan harakatlanish hujjatlari tizimining standartlari, yangi texnologiyalari va uni yanada rivojlantirish strategiyasini o`rgandi. Xalqaro ekspertlar va xorijiy davlatlar vakillari bu yo`nalishdagi o`z tajriba va ish uslubi bilan tanishtirdi. Seminarda, shuningdek, IKAOning mashina o`qiydigan harakatlanish hujjatlari, himoyalangan harakatlanish hujjatlarini tayyorlash standartlari, texnik xususiyatlari, chegara nazoratidan o`tishda hujjatni tekshirishning zamonaviy tizim hamda vositalari muhokama etildi.





