Bugun, 10 aprel kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n to`rtinchi yalpi majlisi ochiladi.
Kecha Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Majlisda ishchi guruh rahbarining bo`lajak yalpi majlisni o`tkazishga tayyorgarlik to`g`risidagi axboroti tinglandi, bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining matbuot xizmati xabar beradi.
Senat qo`mitalarining raislari qo`mitalarning majlislari o`tkazilganligi hamda o`n to`rtinchi yalpi majlis muhokamasiga kiritilgan qonunlar yuzasidan xulosalar va boshqa masalalar bo`yicha qarorlarning loyihalari tayyorligi haqida axborot berdilar, yalpi majlis ishini tashkil etish to`g`risida fikr almashdilar.
Kengash majlisida Oliy Majlis Senatining bo`lajak yalpi majlisida muhim masalalardan biri O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida parlament muhokamasiga kiritilgan “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining ayrim moddalariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi O`zbekiston Respublikasi qonunini ko`rib chiqishdan iborat bo`lishi qayd etildi. Ushbu hujjat, avvalo, davlat hokimiyati tizimini yanada demokratlashtirish, davlat boshqaruvining eng muhim prinsiplarini amalga oshirishning konstitusiyaviy mexanizmlarini takomillashtirish – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud tarmoqlari mustaqilligi va tengligi, vakolatlari mutanosibligini, ular o`rtasida o`zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining samarali ishlashini ta`minlashga qaratilgan. Senatning yalpi majlisida “O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining ayrim moddalariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida (32, 78, 93, 98, 103 va 117-moddalariga)”gi O`zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida”gi qonunni ham ko`rib chiqish rejalashtirilmoqda.
Kengash a`zolari Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida ishlab chiqilib, Senatning yalpi majlisi muhokamasiga kiritilayotgan, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning hamma sohalarini izchil isloh qilish va liberallashtirishga qaratilgan O`zbekiston Respublikasi qonunlarining muhimligini ham ko`rsatib o`tdilar.
Bular jumlasiga “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi (yangi tahrirda), “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to`g`risida”gi, Sudyalarning malaka hay`atlari to`g`risidagi nizomni (yangi tahrirda) tasdiqlash haqidagi, “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o`z kuchini yo`qotgan deb topish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari kiradi.
Yalpi majlisda Oliy Majlis Senatining, Oliy Majlis Inson huquqlari bo`yicha vakilining (ombudsmanning) 2013 yildagi faoliyati to`g`risidagi masalalar, Hisob palatasining, O`zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasining 2013 yildagi faoliyati to`g`risidagi hisobotlari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2013 yilda davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar faoliyatidagi qonuniylikning holati to`g`risidagi axboroti ko`rib chiqiladi.
Majlisda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining vakolatlariga kiruvchi boshqa masalalar ham ko`rib chiqildi.
Muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.





