AsosiyJamiyat

Toshkent shahar yo`lovchi transportining 23 foizi gaz bilan harakatlanadi

Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo`mitasida poytaxtimizda ekologik muhit barqarorligini ta`minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.      

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo`lgani kabi poytaxtimizda ham mazkur yo`nalishdagi chora-tadbirlarni belgilangan muddatlarda tatbiq etish yuzasidan izchil ishlar olib borilayotir. Jumladan, sanoat korxonalarida chiqindisiz texnologiyalarni joriy etish, oqovalarni tozalash jarayonini takomillashtirish, avtotransport vositalarini sof yonilg`iga o`tkazish borasida o`ziga xos loyihalar amalga oshirilmoqda.

Shaharning sanitar-tozalash tizimini takomillashtirishga oid loyihalar natijasida mahallalarda maishiy chiqindilarni yig`ish bo`yicha zamonaviy chiqindixonalar barpo etildi. Chiqindilarni tashib ketishga ixtisoslashgan korxonalar yangi avtotransportlar bilan ta`minlandi. Bu yo`nalishda aholiga xizmat ko`rsatishning muqobil shakllari yaratildi.

Qo`mita vakillarining ma`lum qilishlaricha, har yili sanoat korxonalari va avtotransport vositalari tomonidan havoga 300 ming tonna chiqindi tashlanadi.

Biroq ekologlarning so`zlariga ko`ra, avtomobil tarnsporti hamda sanoat sektoridan tabiatga tashlanayotgan chiqindilarning kamayishi kuzatilmoqda, 1991 yil bilan taqqoslaganda ushbu ko`rsatkich 399,3 mingdan 327,5 ming tonnagacha pasaygan.

Shahar yo`lovchi parkini yangilash va o`zgartirish maqsadida sezilarli mablag`lar ajratilib, ekologik toza yoqilg`i bo`lmish gazga 23% shahar avtoparki o`tkazilgan, bu esa respublika bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichdan ikki baravar ko`pdir, deya xabar beradi Podrobno nashri.

Shaharda har yili yangi bog`lar, yashil hududlar barpo etish, mahallalar hududini obodonlashtirish bo`yicha uzluksiz tadbirlar amalga oshirilmoqda. Har shanba tozalik kuni deb e`lon qilingan. Shu kunlari mahallalarda ommaviy hasharlar, obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlari tashkil etilmoqda.

Poytaxtimizning o`simlik va hayvonot dunyosi ham xilma-xil. Ushbu noyob tabiat boyliklarini asrash va ko`paytirish, ekologik muhit barqarorligini ta`minlash bilan bog`liq ishlar o`z samaralarini berayotir. Keyingi yillarda havoga chiqarilayotgan va suvga oqizilayotgan chiqindilar miqdori keskin kamaydi. Shahrimizning yashil maydonlari yildan-yilga kengaymoqda. Bunday ishlar natijasida poytaxtimiz dunyodagi eng go`zal va obod  shaharlar qatorida e`tirof etilmoqda.

Tadbirda poytaxtimizda ekologik qonunchilikning bajarilishini ta`minlash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik xavfsizlikni ta`minlash, er, suv va boshqa tabiat ne`matlariga salbiy ta`sir etishning oldini olish, aholi orasida ekologik targ`ibot ishlarini tashkil etish, ekologik ta`limni takomillashtirish masalalari xususida fikr yuritildi.

                                               

    Boshqa yangiliklar