AsosiyJamiyat

“AMERIKA OVOZI” JURNALISTI O`ZBEKISTONDAGI BIR YILLIK O`ZGARIShLARGA QANDAY BAHO BERADI?

'“AMERIKA OVOZI” JURNALISTI O`ZBEKISTONDAGI BIR YILLIK O`ZGARIShLARGA QANDAY BAHO BERADI?'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasida so`nggi 1 yilda kuzatilayotgan voqealar, Prezident Shavkat Mirziyoevning chiqishlari, xalq va davlat o`rtasidagi yaqinlik nafaqat mahalliy, balki xorijiy OAVlarning e`tibor markazida bo`lib kelmoqda. Ayni damda dunyoning turli burchaklarida o`z faoliyatini olib borayotgan o`zbekistonlik jurnalistlar juda ko`p. “Amerika ovozi” teleradiosi jurnalisti Malik Mansurning O`zbekistondagi o`zgarishlar, 2017 yilda qo`lga kiritilgan yutuqlar haqidagi fikr-mulohazalari O`zAda berildi.

Malik Mansur, “Amerika ovozi” teleradiosi jurnalisti,
Gamburg (Germaniya):

— 2017 yil O`zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoevning to`lqinlantiruvchi bayonotlari bilan yodda qolmoqda. Ochiq, keskin tanqid bilan kuzatilgan bu chiqishlar oddiy aholining olqishlariga loyiq ko`rilmoqda. Xususan, O`zbekistondagi ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy hayotga o`zgarishlar olib kirgan yil jamoatchilikni larzaga solgan voqealarga, odamlarni umidlantirgan jarayonlarga boy bo`ldi.

O`zbekistonliklar 2017 yilni yangi Prezident Shavkat Mirziyoevning bevosita jonli tabrigi bilan qarshilagan edi. Chorak asr davomida Islom Karimov tabrigining televidenie orqali o`qib eshittirilishiga o`rganib qolgan aholi uchun bu qutlov kutilmagan yangilik bo`lgan va Shavkat Miromonovichning xalqparvar, keskin o`zgarishlar qiladigan Prezident bo`lishi haqidagi qarashlarni shakllantira boshlagandi.

2017 yil yakunlanar ekan, Prezident Shavkat Mirziyoevga nisbatan shakllangan bu qarashlar deyarli o`zgarmagan, yil davomida Mirziyoev tomonidan davomli qilingan keskin bayonotlar xalq ko`zida islohotchi Prezident qiyofasini yanada mustahkamladi. Prezidentning so`nggi chiqishi, parlamentga qilingan to`rt soatlik Murojaatnomasi hozirgacha bo`lgan bayonotlar orasidagi eng muhimi, deb ko`rilmoqda. Matbuot bu chiqishni mamlakat hayotida yangi sahifa ochgan tarixiy nutq, muallifni esa millat etakchisi maqomida taqdim etayotganida kuzatiladi.

Shavkat Mirziyoevni yil odami sifatida e`lon qilgan “Ijtimoiy fikr” markazi o`tkazgan so`rov natijalariga ko`ra, 90 foizdan oshiq aholi yakunlanayotgan yilni farovonlik, ijobiy o`zgarishlar yili sifatida qayd etgan. Chorak asrlik turg`unlikdan qutilgan mamlakatda o`zgarishlar jarayoni ketayotgani seziladi, “xalq bilan muloqot” shiori bilan boshlangan 2017 yilda asosiy diqqat xalq va davlat o`rtasidagi aloqalarni tiklashga qaratildi. Mamlakat bo`ylab safar boshlagan Prezident oddiy aholi bilan muloqotga kirishdi, odamlarni eshita boshladi. Xalq bilan muloqotni tiklash uchun ochilgan Virtual qabulxona mamlakatdagi eng mashhur murojaat markaziga aylandi. Davlat organlari va xalq o`rtasidagi ishonchni tiklash 2017 yilning eng dolzarb vazifasi bo`ldi.

Prezident “Xalq davlat organlari uchun emas, davlat organlari xalq uchun xizmat qiladigan vaqt kelganini” e`lon qilganiga qaramasdan ishonch to`liq tiklandi, deyish qiyin. Sud, prokuratura, ichki ishlar, moliya tizimi Shavkat Mirziyoev muntazam nishonga olayotgan sohaligicha qolyapti. Prezidentning tanqidlari ortidan O`zbekiston sudyalari nomidan xalqqa rasman murojaat ochiqlandi, sudyalar xalq bilan munosabatga kirishdi. Lekin bu hali etarli emas.

2017 yil jamoatchilikda katta qiziqish uyg`otgan voqealardan yana biri – O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi faoliyatidagi o`zgarishlar bo`ldi. Vazir Abdulaziz Komilov bilan bevosita muloqot uyushtirildi, o`z fuqarolariga bepisand munosabat bilan tanilgan elchixonalar, konsulliklar faoliyatida ayrim o`zgarishlar kuzatildi. Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi fuqarolariga ko`mak ko`rsatishga urina boshladi. Qozog`istondagi yo`l-transport hodisasida halok bo`lgan bir guruh mehnat muhojirlarining jasadi maxsus samolyotda o`z vataniga olib kelindi. Bu O`zbekiston tarixida ilk bor kuzatilgan amaliyot bo`ldi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoev avvalgi tuzumdan farqli dunyo bo`ylab tarqalgan vatandoshlar – mehnat muhojirlari taqdiriga befarq emas, ularni ortga qaytarish, Vatanda ish bilan ta`minlash zaruriyatini e`tirof qilgan. Bu borada Rossiya bilan uzoq kutilgan bitim imzolandi. Mehnat muhojirlari sharoitini o`rganish uchun Yoshlar ittifoqi rahbarini Rossiya bo`ylab safarga jo`natdi.

Inson huquqlari bilan bog`liq vaziyatda ham amalga oshirgan ayrim qadamlar fuqarolik jamiyati vakillarini ruhlantirdi, uzoq yillik siyosiy mahbuslarning qamoqdan ozod qilinishi, matbuot ayrim ijtimoiy muammolarni ko`tarib chiqa boshlagani jamiyatda o`zgarishlar mavjudligi haqidagi taassurotlarni hosil qildi.

Siyosatshunoslar 2017 yil, mintaqaviy vaziyatda, ayniqsa, tashqi siyosatda shiddatli o`zgarishlar davri bo`lganini e`tirof etishadi. O`zbekistonning qo`shni davlatlar bilan ziddiyatli munosabatlarini tez sur`atlarda iliqlashtirishga erishgan Shavkat Mirziyoev Rossiya, Xitoy, Turkiya va Janubiy Koreyaga qilgan davlat tashriflari davomida milliardlab dollarlik shartnomalarni imzolab qaytdi. Prezident AQShga safar uyushtirdi, Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasida O`zbekistonda kutilayotgan islohotlar haqida, bundan buyon mamlakatda inson huquqlari kafolatlanishi haqida gapirdi. U safari doirasida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan ham uchrashdi, Amerikadagi o`zbekistonliklar bilan muloqot qildi, tajribali mutaxassislarni vatanga qaytishga chaqirdi. Dekabr oyida Donald Tramp va Shavkat Mirziyoev o`rtasida o`tgan telefon orqali muloqotda Mirziyoevning G`arbga ilk safari AQShdan boshlanishi mumkinligi ham ehtimol qilindi.

    Boshqa yangiliklar