Andijonlik fermer Abduhoshim Nurmatov 2018 yilda nogironligi bo`lgan shaxs oilasi uchun bepul uy qurib berish, 25 nafar kam ta`minlangan oila farzandiga bog`cha tashkil qilishni diliga tugib qo`ydi.
Abduhoshim Nurmatov esini tanigandan buyon er bilan tillashadi. U nafaqat Buloqboshida, balki butun Andijonda dong taratgan dehqonlardan biri, deyiladi «Andijonnoma» gazetasi saytida.
Qayd etilishicha, joriy yilda fermer xo`jaligi pilla tayyorlash rejasini 120 foizga uddaladi. Gektariga paxtadan 45 sentner, g`alladan 62 sentner hosil ko`tardi. Takroriy ekinlardan 200 million so`m daromad oldi. Sof foyda esa 500 million so`mni tashkil qildi. Yakunlanayotgan yilda ham saxovatli ishlarga daromadidan talaygina mablag` ajratdi.
Hech bir muruvvat izsiz qolmaydi, deganlaridek, Qishloq xo`jaligi xodimlari kuni munosabati bilan Prezident Farmoniga ko`ra, A.Nurmatov “Do`stlik” ordeniga munosib ko`rildi.
— Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev soha xodilariga baho berar ekan, “Dehqon bu – hayotning baquvvat ustuni, tiriklikning mustahkam tayanchi”, deya ta`rifladi, - so`z yuritdi fermer mamnuniyat bilan. – Shiddat bilan yangilanayotgan jamiyatimiz taraqqiyotiga o`z hissamni qo`shish niyatida 2018 yildagi rejalarga bitta uy va bog`cha tuxfa etish niyatidaman.






