Bugun, 29 dekabr kuni bir qator internet saytlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi raisi Botir Parpiev o`z ixtiyori bilan ishdan bo`shash uchun ariza yozgan, degan mazmunda xabarlar tarqaldi.
Ushbu xabarga oydinlik kiritish maqsadida "Xabar.uz" nashri Davlat soliq qo`mitasi axborot xizmati bilan bog`landi. U erdan ma`lum qilishlaricha, bu kabi xabarlar mutlaqo yolg`on va hech qanday asosga ega emas.
Hozirda soliq tizimida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda. B.Parpievning sog`ligi ham yaxshi, oldingidan-da ko`proq g`ayrat bilan mehnat qilayotgani aytildi.
Ma`lumot uchun, 71 yoshli Botir Parpiev 2004 yil fevralidan beri O`zbekiston Davlat soliq qo`mitasi raisidir. U bungacha ichki ishlar vaziri o`rinbosari (1998—2002 yillarda), favqulodda vaziyatlar vaziri (2002), Davlat bojxona qo`mitasi raisi (2002—2004) lavozimlarida ishlagan.






