O`n olti yildan buyon kino sohasida ijod qilib kelayotgan aktrisa Jamila G`ofurova alamzada! Yillar davomida sukut saqlangan mavzu haqida u ko`plab san`atkorlar nomidan ochiq-oydin gapirdi.
— Qirqdan ortiq filmlarda bosh rollarni ijro etgan aktrisaga San`at va madaniyat institutiga o`qishga kirish nima uchun kerak bo`lib qoldi?
— Asli Toshkent davlat Sharqshunoslik istitutini tamomlaganman. San`at va madaniyat institutida esa ikkinchi mutaxassislik bo`yicha tahsil olyapman. Yo`nalishim — drama va kino! To`g`risini aytsam, o`tgan yili o`qishga kirgandim-u, biroq ayrim sabablar tufayli ta`til olishimga to`g`ri keldi. «O`qishni davom ettirishim men uchun qanchalik muhim?» deya uzoq o`ylandim. Mulohaza qilsam, aktrisaga kasbiy bilim mahorati g`oyat zarur ekan. Bugun teatrdagi faoliyatim davomida ham institutda o`rganayotganlarim asqatyapti.
— Demak, tahsil olayotganingizning asosiy sababi diplom emas, shundaymi?
— Ha! San`at sohasida ko`p yillardan buyon ijod qilib kelaman. Hali biror marotaba ham «Diplomli aktrisamisiz», deb so`rashmagan. Menimcha, bizning sohada eng asosiysi, bu — iste`dod. Ustozim Jo`ra Mahmudov sahna madaniyatidan saboq beryaptilar. O`qish boshlanganiga bir necha oy bo`lgan bo`lsa-da, o`zim uchun ko`p narsalarni o`rgandim. Endi tasavvur qiling, institutni tamomlaganimdan keyin menda qanday «bagaj» bo`ladi.
— O`qish, teatrdagi ishingiz, kino, dublyaj, oila, farzand tarbiyasi — ulguryapsizmi hammasiga?
— Ulgurishga harakat qilishim shart va lozim. Negaki, men san`atkorman. Birini mahkam tutib, ikkinchisiga e`tiborni susaytira olmayman. Oilam men uchun hamisha birinchi o`rinda. Qizalog`imning tarbiyasi bilan alohida shug`ullanaman. Kino hayotimning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Teatr esa men uchun yangi olam. Professional aktrisa bo`lsam-da, sahna nutqidan maktab ko`rmagandim. Institutda ana shu kamchilik o`rni to`lyapti. Ko`p narsalarni o`rganyapman. Bilasiz, avvallari o`zim ijro etgan rollarga ovoz bermasdim. Men ekranda aktrisa Lola Eltoeva ovozi bilan gapirardim. So`nggi ikki-uch yil davomida o`zimga-o`zim ovoz beryapman. Yashirib nima qildim, dublyajda qiynalaman. Ovozlashtirish jarayonida rejissyordan dakki eshitgan paytlarim ham bo`lgan. Sahna nutqidan dars olayotganimdan buyon talaffuzimda o`zgarish paydo bo`layotgani sezilyapti.
— Institutda hamma qatori talabamisiz yo aktrisa ekanligingiz uchun yon bosish bormi?
— Ayrim vaziyatlarda ustozlarim meni tushunishadi. Misol uchun, oilaviy sharoitim tufayli o`qishga borolmay qolsam, yo muhim tadbir, s`yomka belgilangan bo`lsa... «Biz sizni tushunamiz, yordam berishga harakat qilyapmiz, ammo hamma talabalar qatori o`qishga kelishingiz, darsning oxirgi daqiqasigacha shu erda bo`lishingiz kerak», deyishadi. Qolaversa, men shartnoma asosida o`qiyman. O`qituvchilarimning «To`lagan pulingizni havoga sovurmang, o`qing», deya yo`l-yo`riq ko`rsatishlaridan quvonaman.
— Kursdoshlaringiz bilan munosabatlaringiz qanday?
— Institutdagi ayrim talabalar meni domla, deb o`ylashadi chog`i, ko`rib qolishsa, darrov qo`li ko`ksida salom berishadi. Biram xijolat bo`laman (kulib). Kursdoshlar jami yigirma nafarmiz. Ko`pchiligi mendan kichik yigit-qizlar. Ular orasida iqtidorlilari juda ko`p.
— O`tgan yildan buyon «Kinoaktyor» teatr studiyasida ijod qilyapsiz. Kino aktrisasining teatrga moslashishi qiyin bo`lmadimi?
— Kino bilan teatr o`rtasida katta farq bor ekan. Film suratga olinayotganda atrof jim-jit bo`ladi, baland ovozda so`zlash shartmas. Teatrda esa aksincha. Sahnadagi aktyor-aktrisaning ovozi eng so`nggi qatordagi tomoshabinga ham etib borishi kerak. Kinoda matnni unutib qo`ysangiz, ko`z mimikasi bilan vaziyatdan chiqolasiz. Teatrda esa bunday qilib bo`lmaydi. Bu erda so`z muhim sanaladi. «Kinoaktyor» studiyasida ish boshlaganimda avvaliga qiynaldim. Rejissyorimiz Sayfiddin Meliev sahnada qanday ishlash kerakligini tushuntirib, bilmaganlarimni o`rgatgach, ancha «qo`lim» kelishib qoldi. «To`maris», «Bibixonim» tarixiy asarlarida rol ijro etdim. Jamoamizdagi aktyor-aktrisalar o`z ishining ustalari, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Saida Rametova, Ilmira Rahimjonova, Gulhumor Abdullaeva kabi professional aktrisalar bilan bir sahnada ijod qilayotganim ham menga kuch beryapti.
— «Kinoaktyor» teatr studiyasining jamoasi ijodiy safar bilan viloyatlarda ko`p bo`ladi.
— Ha, jamoamiz bilan bir qancha viloyatlarda bo`ldik, spektakllar namoyish etildi. Ijodiy safarlar men uchun yangilik emas. O`n olti yil davomida bormagan viloyatim qolmadi hisob. Hatto, Navoiyning eng chekka hududi — Uchquduqda ham bo`lganman.
— O`n olti yildan buyon san`at sohasida bo`lsangiz, bundan chiqdi, ijodni 16 yoshingizda boshlagan ekansiz-da?
— Ha! «Dilxiroj» filmida epizod rolim bo`lgan. Bosh qahramonni ijro etgan xonanda Sevinchning dugonasini o`ynaganman. Qahramonim bor-yo`g`i uchta so`z aytadi. O`sha paytlari aktrisa bo`lish istagi juda kuchli edi-da, suratga tushib bo`lganimga qaramay, rejissyorga aytib, qirq kun s`yomka joyidan ketmaganman.
— Tengdosh hamkasblaringiz orasida davlat filmlarida eng ko`p suratga tushgan aktrisasiz?
— Davlat byudjeti hisobidan suratga olingan filmlarning o`ndan ortig`ida suratga tushdim. Barchasi jamiyatimizni tashvishga solgan jiddiy mavzulardagi kartinalar. Bir masalada juda gapirgim kelyapti-yu, aytsammi-aytmasammi deb o`ylanyapman.
— Nimani nazarda tutyapsiz?
— Bu haqida besh-olti yildan buyon gapiraman deyman-u, yana o`zimni bosaman. Endi aytmasam bo`lmaydi.
— Xo`sh?...
— Nega bizda xalq uchun xizmat qilayotgan aktrisalarni rag`batlantirishmaydi? Mana, meni qiynagan mavzu! Yomg`irmi, qormi, farzandimiz go`dakmi, tobi yo`qmi — ijodiy safarlar, uchrashuv, tadbirlardan qolmaymiz. «San`atkorsiz, xalqni rozi qiling», deyishadi. Jonimizni berib xizmat qilamiz.
— Hozir o`zingiz haqingizda gapiryapsizmi yo...
— Men qatori boshqa aktyor-aktrisalarni ham ranjitadigan holat bu. Mayli, men o`zimni aytaman. Ko`p yillardan buyon kino sohasidaman. Tarbiyaviy ahamiyatga ega bo`lgan rollarim qancha? Engil-elpi filmlarda suratga tushmasam, bachkana obrazlar yaratmasam, nahot yillar davomidagi mehnatim rag`batga arzimasa? Yosh aktyor-aktrisalarning mukofot olayotganini ko`rsam, havasim keladi. Qaysi mehnatlari uchun rag`batlantirildi, deya qiziqsam, «Tadbirlarda ishtirok etadi, xalq bilan uchrashuvlarda doim faol», deyishadi. Agar san`atkorning mehnati shu bilan baholansa, men o`n olti yildan buyon viloyatma-viloyat yuribman.
— Demak, Jamila G`ofurova yillar davomidagi mehnatini mukofotlanishga loyiq deb biladi?..
— Albatta! Ko`plab aktyor-aktrisalarni ko`raman, uzoq yillar davomida teatr, kinoda mehnat qilishadi. Rang-barang, esda qolarli obrazlar yaratishadi. Qanchadan-qancha shogird chiqarishgan. O`zbek san`ati nomini dunyoga tanitishyapti, ammo haligacha mukofotlari yo`q. Xo`sh, bu masala bilan kim, qachon shug`ullanadi? Rag`bat bu san`atkorning o`ziga bo`lgan ishonchini oshiruvchi kuch. Biz undan qanot olamiz, yanada o`z ustimizda ishlash istagi paydo bo`ladi. Aytmoqchimanki, har bir insonning mehnati vaqti-soati bilan qadrlansa, maqsadga muvofiq bo`lar edi.
— O`ylaymizki, bu fikr-mulohazalaringizni eshitadiganlar topiladi. Keling, endi yana ijodga qaytsak. Professional aktrisalar kasting topshirmaydi, deyishadi. Shu rostmi?
— Shunday kartinalar borki, professional aktrisa bo`lsangiz ham, hamma qatori kasting topshirasiz. Davlat filmlarining barchasida aktyor-aktrisalar kastingdan o`tishadi. «Ko`cha»dan havaskorlar taklif etilmaydi. Nigora Karimboeva, Ra`no Shodieva kabi mahoratli aktrisalarimiz bilan birga ko`p bora kasting topshirganman. Ular orasida o`tolganlarim ham bor, aksi bo`lganlari ham yo`q emas. «Aldangan ayol» filmidagi Rayhon Ulasenovaning qahramonini eslang. Bu rolni qo`lga kiritish uchun qancha aktrisalar da`vogar bo`lishgan. Men ham ular qatori «Shu rolni menga bering, Hilol aka», degandim rejissyorimiz Hilol Nasimovga. U kishi esa «Menga qolsa, hech kimni xafa qilish niyatim yo`q, lekin bu rol seniki emas, mana sening qahramoning», degan.
— «Aldangan ayol»dagi kabi epizodik rollaringizni ko`pchilik e`tirof qiladi.
— Ammo bu epizodik rollarga rozi bo`laveradi, deganim emas. Ayrim rejissyorlarning taklifini rad qilgan paytlarim ham bo`lgan. Negaki epizod rol bo`lsa ham, qahramonimning o`z o`rni bo`lishini, ijrom esda qolishini istayman. Misol uchun, «Aldangan ayol», «Kechikkan hayot»dagi obrazlarim xuddi shunday «gapiradi».
— Gonorar Jamila uchun qay darajada muhim?
— Xususiy filmlarda ijrom uchun o`zim narx qo`yaman. Chunki bunday kartinalarning «taqdiri» tavakkaldek gap. Hatto? ssenariysi yaxshi bo`lsa ham, tayyor bo`lgach ommalashmasligi mumkin. Davlat buyurtmasi asosida suratga olinadigan kartinalarda aktyor-aktrisaning kunlik ijrosiga gonorar yoziladi. Ish vaqti ham tartibli. «Kamera bo`lganida olamiz, obekt topilsa kelib-ketarsiz», degan so`z yo`q.
— «Saodat» serialining ikkinchi faslida suratga tushyapsiz va yana salbiy obrazda...
— Qahramonimni u qadar salbiy ham deyolmayman, hozirgi kunda to`rt-beshta oilalarning bittasida uchraydigan kelinlardan biri.
— Personajingizni oqlamoqchimisiz?
— Yo`q, unday emas. Bu ayolning o`z haqiqati bor. Baxti uchun bilganicha kurashyapti. Qaynonasiga bo`lgan muomalasi, turmush o`rtog`iga hiyla ishlatishlarini yoqlamayman, albatta, lekin ayni shunday ayollar ijromni ko`rishsa, balki o`zlari uchun xulosa chiqarisharmikan, deyman.
— «Bidir-bidir» dueti haqida so`rasam, hamkorlik taklifi kimdan chiqdi?
— Davron Ergashev qo`ng`iroq qilganida, avvaliga ishonmadim. «Sizga qaytib qo`ng`iroq qilaman», deya suhbatni qisqa qildim-da, xonanda Masrur Usmonovga sim qoqdim. «Kimdir men bilan hazil qilyapti, Davron Ergashevman siz bilan duet kuylamoqchiman deb, u kishining telefon raqamlarini aytib yuboring», dedim. Masrur akaning javobini eshitib, chindan ham Davron aka qo`ng`iroq qilganini bildim. Shundan keyin Davron Ergashev bilan bog`lanib, uning men bilan duet kuylash istagidan xabar topdim. Ko`rishdik, qo`shiq haqida maslahatlashdik va «Bidir-bidir» nomli duet yozdik. Qisqa fursat ichida taronaga klip suratga olindi.
— Tanqidlar bo`ldi chog`i?
— Klip syujetini qaysidir xorijiy xonandaning video ketma-ketligi, deyishdi. Aslida esa hech kimdan hech qanday g`oya o`g`irlanmagan. Oilaviy vaziyat ko`rsatilgan, xolos.
— Jamila, vaqt ajratganingiz uchun minnatdormiz. Sizdan nafaqat kinoda, balki teatrda ham yangidan-yangi rollarni kutib qolamiz!
— Rahmat!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi
Fotomuxbir: G`ayrat UBAYDULLAEV






