AsosiySUG'DIYONA

TUG`ILMAGAN GO`DAK BILAN MULOQOT

'TUG`ILMAGAN GO`DAK BILAN MULOQOT'ning rasmi

Hali tug`ilmagan bolani tarbiyalash mumkinmi? Olimlar bunga allaqachon javob topishgan: «HA!»

Respublika ixtisoslashgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazi katta ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza Fayzieva ma`lumot beradi:

Tug`ilishdan avvalgi ta`lim

Qadimdayoq Xitoy va Yaponiyada bolaning tug`ilishidan oldingi rivojlanish bosqichlarini sinab ko`rishgan. Bo`lajak onalar xushmanzara hududlarga o`rnashgan maxsus jamoalarda yashashgan. U erda ona va bo`lajak go`dakka badiiy hamda musiqiy ta`lim berilgan.

Bizning davrimizga kelib, tibbiy uskunalar rivoji evaziga go`dakning daqiqama-daqiqa ulg`ayishini onasining qornida ham kuzatish imkoni bor. Bu tadqiqotlar asosida XX asrning 70-yillari oxirida prenapediya, ya`ni ona qornidagi pedagogika ilmi shakllana boshladi.

Olimlar allaqachon ilk xulosani chiqarishdi: tug`ilmasidan avvalgi ta`limni olgan bolalar «qorindagi universitet»ga o`tmagan tengdoshlaridan birmuncha farq qiladi. Ya`ni:

  • ular jismonan ancha barkamol tug`iladi;
  • tug`ilganida kamroq baqiradi, yaxshi oziqlanadi, ko`proq uxlaydi;
  • hayotining birinchi yilida sezilarli darajada kam kasallanadi;
  • bunday bolalar onasini ko`proq emadi;
  • jismonan tezroq rivojlanadi;
  • aqliy layoqati kuchli bo`ladi;
  • til o`rganish, musiqa, ijod borasida juda qobiliyatli bo`ladi.

O`zaro muloqot

Bo`lajak ona qornini mehr bilan silab, tug`ilajak farzandi bilan gaplashsa, unga alla yoki boshqa biror qo`shiq, ertak aytib bersa, bu bolaning ruhiyatida o`z aksini topadi. Bunday bolalar homilaligida onasi bilan «gaplashmagan» go`daklarga nisbatan onasiga mehribonroq bo`ladi. Onasinikiga o`xshash muloyim ovozli insonlarni ko`proq hurmat qiladi.

Homilaga musiqa juda yoqadi. Ayniqsa, klassik janrdagi musiqalar unga ijobiy ta`sir qiladi. Jaz yo`nalishidagi musiqalarni esa yoqtirmaydi. Onasining qornidaligida musiqa tinglagan bolalarda bu sohaga qiziqish kuchli bo`ladi.

Gapiravering, eshitadi

Ona qornidagi mitti inson tashqi olamdagi tovushlarni eshitadimi, degan savol fanda uzoq vaqt ochiqligicha qoldi. Unga javob topishga mutlaqo imkonsizdek qaralgandi. Ammo o`tkazilgan bir necha zamonaviy tadqiqotlar bolaning nutqi tug`ilishidan ancha oldin rivojlana boshlashi haqidagi taxminni ilgari surdi. Homilaning eshitish a`zolari taxminan 24-haftaga kelib, to`liq shakllanib bo`ladi. Lekin 19-haftadayoq homila ma`lum chastotadagi tovushlarni eshitadi. Buni qanday bilish mumkin? Juda oddiy: bola jadal ravishda harakatlanib, go`yo tovushlar ta`siriga javob qaytaradi.

O`tkazilgan tadqiqotlar bachadon ichidagi bolaga odamlarning ovozi eshitilib turishini aniq-ravshan isbotladi. Go`dak onasining ovozini eshitganida yo tinchlangancha «quloq tutadi», yoki sho`xlik qiladi. Tekshiruvlar bu paytda bola bosh miyasining to`lqinli faolligi o`zgarishini qayd qilgan. Aniqlanishicha, kutilmagan tovushlardan homila cho`chib tushadi. Masalan, otasi onasiga baqirsa, bu go`dakka ruhan ta`sir qiladi. Tug`ilganidan keyin bolada asabiylik, jizzakilik, o`jarlik hollari kuzatiladi. Shu tarzda go`dak tug`ilmasidanoq ota-onasining o`zaro munosabatlaridan xabardor bo`ladi. Agar ota-onaning o`zaro munosabati yaxshi bo`lsa, bola shunga ko`ra to`g`ri jinsiy tarbiya oladi.

Xomilaning eshitishi borasidagi qo`shimcha dalillar yana bir qiziqarli tajriba davomida qo`lga kiritildi: endi tug`ilgan go`daklarga bir nechta ertak o`qib berishdi. Ertaklardan birini ularga hali tug`ilmasidanoq (34 haftaligidan boshlab) onalari kuniga ikki martalab o`qib berishgan ekan. Boshqa ertak bolalarga notanish edi. Ma`lum bo`lishicha, go`daklarga aynan onasining qornidaligida eshitgan ertak yoqarkan. Tajriba davomida shu ertak o`qilganda go`daklar onalarini faollik bilan emishgan.

Bo`lajak bola bilan homiladorlikning ilk davridanoq suhbatlashishni boshlash kerak. 19-20-haftadan boshlab, bu odatning muhimligi oshadi. Chunki bolakay bu paytga kelib, ovozlarni farqlay oladigan bo`ladi. Ammo nima gapirayotganingizga ham e`tibor bering. Gaplaringiz bolaning ruhiyatiga ham ta`sir qilishini unutmang.

Kun tartibi

Kichkintoy onasini aynan takrorlaydi: ona uxlayotganida, u ham mudraydi, so`ng onasi bilan birga uyg`onadi. Shunday bo`lsa-da, 32-haftada vaqtining 90-95 foizini uyquda o`tkazadi. Bu paytda bolani stresslardan himoya qilish kerak. Kichkintoyga orom ham kerak. Tug`ilishidan oldingi mashg`ulotlarni uning hushyor paytiga mo`ljallang. Buni uning ko`proq qimirlashidan ham bilish mumkin. Faol paytida unga she`rlar o`qib bering, yoqimli musiqa tinglang, gaplashing.

Gaplashishga vaqtim yo`q dersiz? Aslida buning uchun alohida vaqt ajratishga ham hojat yo`q. Masalan, ovqat pishirayotganingizda ham bemalol gaplashishingiz mumkin. Qolaversa, hali tug`ilmagan farzandingiz bilan gaplashish nahot qiziq emas?!

Atrofdagilarning (ayniºsa, onasining) ayrim harakatlarini homila sezgi a`zolari orqali sezishi mumkin. Siz esa uning buni anglashini qisqa jumlalar bilan osonlashtirishingiz mumkin: «oying ovqat pishirayapti», eshik qo`ng`irog`i jiringlasa, «otang keldi», deng va hokazo. Qiziq-a?! Qiziq bo`lganda qandoq!

Bu qiziq!

1986 yili AQShda 700 nafar bo`lajak ota-onalar ona qornidagi bolani o`qitish bo`yicha maxsus dasturda ishtirok etishdi. Bu «maxsus maktab» qatnashchilaridan biri o`g`li tug`ilgunichadoim rafiqasining qorniga yuzini qo`yib, «bolakay, men otangman!» deb takrorlardi. Tug`ilganidan so`ng o`g`li bu jumla o`ziga tanishligini namoyon etdi. Ya`ni otasi «bolakay, men otangman!» deyishi bilan yig`idan to`xtab, ovoz kelgan tomonga qarardi. Bu «maktab»da «o`qigan» barcha bolakaylar boshqalarga nisbatan tez gapira boshladi, nutqi ravon, ota-onasining gaplariga quloq soladigan va kam yig`laydigan bo`lishdi.

Nilufar VAHOBOVA suhbatlashdi

Manba: “SUG‘DIYONA gazetasi

Boshqa yangiliklar