AsosiyJamiyat

O`ZBEKISTONLIKLARNING 93,1 FOIZI ShAVKAT MIRZIYoEVGA IShONADI

'O`ZBEKISTONLIKLARNING 93,1 FOIZI ShAVKAT MIRZIYoEVGA IShONADI'ning rasmi

Sof demokratik tamoyillar asosida o`tgan va xalqimiz xohish-irodasini ifodalagan saylov natijalariga ko`ra, Shavkat Mirziyoev O`zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganiga, hademay, bir yil to`ladi. O`tgan shu qisqa davr mobaynida, shubhasiz, mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tom ma`noda yangi taraqqiyot bosqichiga chiqdi.

Xo`sh, yurtimiz fuqarolari davlatimiz rahbari olib borayotgan ichki hamda tashqi siyosatni qanday baholaydilar? O`zbekistonliklarning bugun turli sohalarda hayotga tatbiq qilinayotgan jadal sur`atdagi islohotlarga munosabati qanaqa? Umuman, aholining Prezidentga nisbatan ishonch reytingi qay darajada?

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o`rganish markazi tomonidan o`tkazilgan galdagi so`rovdan ko`zda tutilgan maqsad ham ana shu savollarga javob topishdan iborat bo`ldi. Unda respublikamizning barcha hududidan turli millat, turli yoshdagi va turli ixtisosliklarda faoliyat yuritayotgan bir ming yuz nafar kishi ishtirok etdi. Bu haqda “Xalq so`zi” nashri xabar bermoqda.

E`tiborlisi, so`rovning ko`rsatishicha, fuqarolarimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida tarixan qisqa davrda davlat hamda jamiyat hayotining barcha jabhasida tub o`zgarishlar yuz berganiga qat`iy ishonadilar.

Prezidentimiz mamlakat taraqqiyotining yangi yo`li haqida so`z yuritar ekan, “Strategiya — bu yangilanish jarayonlarining haqiqiy harakatlar dasturidir... 2017 yil mamlakatimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e`lon qilindi. Bizning maqsadimiz — yurtimizda xalq hokimiyatini nomiga emas, balki amalda joriy qilish mexanizmlarini mustahkamlashdan iborat. Ishonchimiz komil: xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak,” deya alohida ta`kidlagan edi.

Mazmun-mohiyatan xalq manfaati ustuvorligiga qaratilgan Harakatlar strategiyasi ilk palladayoq aholi keng qatlami diqqatini tortdi. Buni o`tkazilgan tadqiqot ham yana bir karra tasdiqladi. Unga ko`ra, yurtdoshlarimizning mutlaq ko`pchiligi hayotga muvaffaqiyatli tatbiq qilinayotgan ushbu dasturilamal hujjatni qo`llab-quvvatlaydilar. Hamyurtlarimiz fikricha, davlatimiz rahbari tomonidan yaqin istiqbolga mo`ljallangan Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida ko`rilayotgan chora-tadbirlar fuqarolarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish, biznes va tadbirkorlikni ravnaq toptirish uchun sifat jihatidan yangi shart-sharoitlarni yaratishga imkon bermoqda.

So`rov qatnashchilarining 90,2 foizi “Prezidentimiz olib borayotgan siyosat xalqimiz orzu-umidlarini to`la darajada oqlaydi”, degan fikrni bildirdilar. Mamlakat iqtisodiyotini, ijtimoiy sohani, tibbiyot, ilm-fan, sud-huquq tizimi, axborot-kommunikasiya texnologiyalari, fermerlik hamda tadbirkorlikni isloh etish va modernizasiyalash, aholining uy-joy fondini yaxshilash bo`yicha qilinayotgan amaliy ishlar, eng avvalo, fuqarolar manfaatlariga mos kelmoqda.

Yurtdoshlarimizning e`tirof etishicha, mamlakatda davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga yo`naltirilgan, zamonaviy tahdid hamda xatarlarning oldini oluvchi, har bir fuqaroning, butun bir jamiyatning istiqbolini ta`minlaydigan muhim iqtisodiy va siyosiy islohotlar amalga oshirilayapti. Bularning barchasi pirovardida odamlar turmush farovonligini tobora yuksaltirishga xizmat qilayotir.

“O`zbekiston 2017 yilda qaysi sohalarda eng katta yutuqqa erishdi?”, degan savolga 93,1 foiz ishtirokchi “Barcha sohada” javobini berdi. Alohida qayd etishlaricha, davlatimiz rahbari tashabbusiga ko`ra joriy qilingan fuqarolar bilan faol hamda ochiq muloqot tizimi — Xalq qabulxonalari jamiyatda ijtimoiy adolatni qaror -toptirishda, odamlarni o`ylantirayotgan, qiynayotgan dolzarb muammolarni bartaraf etishda hal qiluvchi rol o`ynamoqda. 88,6 foiz respondent fikriga ko`ra, yurtimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, aholini, ayniqsa, yoshlarni tadbirkorlikka yanada ko`proq jalb etish, oilaviy biznes va kasanachilikni, yordamchi xo`jaliklarni rivojlantirish imkoniyatlari kengaytirilayapti.

Shaharu qishloqlarimiz qiyofasini o`zgartirish, zamonaviy inshootlar, uy-joylar, -ijtimoiy ahamiyatga molik ob`ektlarni qurish ishlari qamrovi ortib borayotganidan mamnun respondentlar soni esa 90,9 foizni tashkil qildi. 85,2 foizi esa keyingi paytlarda mamlakatimizda aholini, birinchi navbatda, ehtiyojmand qatlam vakillarini ijtimoiy himoyalash samaradorligi oshayotganini, o`z navbatida, aholining real daromadi hamda turmush tarzi izchil o`sayotganini ko`rsatdi.

Rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, maktabgacha ta`lim bo`yicha yangi tizimning yaratilishi, umumta`lim maktablarida 11 yillik o`qishning qayta tiklanishi, ta`lim-tarbiya ishlari yanada yaxshilanishi yosh avlod kamolotini kafolatlashiga ishonch bildirganlar 86 foizdan ortdi.

90,7 foiz o`zbekistonliklar Prezidentimizning xalqaro maydonda yurtimiz manfaatlarini ilgari surish, xorijiy davlatlar bilan ikki tomonlama va ko`p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish hamda qo`shni mamlakatlar bilan barcha yo`nalishdagi aloqalarni faollashtirish, ular bilan yaxshi qo`shnichilik, do`stlik, sheriklik munosabatlarini o`rnatish bo`yicha izchil faoliyatini yuqori baholadi.

So`rov qatnashchilarining belgilashicha, O`zbekiston 2017 yilda jahon hamjamiyatida o`z mavqeini sezilarli darajada mustahkamladi, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni -ta`minlashga salmoqli ulush qo`shdi. Davlatimiz ham yaqin, ham uzoq xorij mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy sohalarda o`zaro foydali aloqalarni yo`lga qo`ymoqda.

Albatta, mazkur tadqiqotda erishilayotgan natijalar qatorida echimini kutayotgan muammolar xususida jamoatchilikning fikr-mulohazalari ham inobatga olindi. Ma`lum bo`lishicha, bandlikni ta`minlash hamda yangi ish o`rinlari yaratish, jamiyatning intellektual-axloqiy salohiyatini yuksaltirish, ta`lim, tibbiyot sohalarining sifat darajasini ko`tarish, gaz, suv, elektr energiyasi ta`minotini barqarorlashtirish, aholini ijtimoiy himoyalash mexanizmlarini mustahkamlash, ishbilarmonlik muhiti jozibadorligini oshirish, atrof-muhit va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yoshlar muammolarini hal etish, shuningdek, terrorizm, diniy ekstremizm hamda korrupsiyaga qarshi kurashishni kuchaytirish dolzarb vazifalardan sanaladi.

Tadqiqot asnosida fuqarolarning Prezidentimizga ishonch reytingi aniqlandi. Hamyurtlarimizning mutlaq katta qismi aytib o`tganidek, bugun davlatimiz rahbari xalqimiz ishonchi va orzu-umidlarini oqlab, mamlakat taqdiri hamda el farovonligi uchun mas`uliyatni o`z zimmasiga olgan etakchi sifatida yuksak hurmat-e`tiborga sazovor bo`lmoqda.

So`rovlar monitoringi shuni ko`rsatadiki, o`zbekistonliklarning Yurtboshimizga ishonchi reytingi tobora o`smoqda (2017 yil iyul oyidagi 92,4 foizdan shu yil oktyabr oyida 93,1 foizga etdi). Zotan, mamlakatimiz aholisi davlatimiz rahbari olib borayotgan, “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun!” degan ezgu g`oyani o`zida mujassamlashtirgan keng ko`lamli islohotlarni qo`llab-quvvatlaydi.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o`rganish markazi materiallari asosida tayyorlandi.

    Boshqa yangiliklar