Oilaning boshi, ustuni — erkak! Uning oyog`ida mustahkam turishi, qarorlari to`g`ri va qat`iy bo`lishi bir oilaning taqdirini belgilaydi. Afsuski... ba`zida erkaklar ham kalta o`ylashadi. Arzimagan sabablar tufayli «ajrashaman»ga tushib qolishadi... Xo`sh, bunday vaziyatlarda ayol oilani asrab qolishni istasa, qanday yo`l tutishi kerak? Ruhshunos Barno ILHOMOVA bilan turli vaziyatlarni ko`rib chiqamiz.
1-vaziyat: «Begonaga ilakishib, bizdan yuz o`girmoqchi...»
«Gulshodaning turmushga chiqqaniga besh yil bo`layapti, ikki shirin farzandi bor. Akrom bilan bir-biriga ko`ngil berib oila qurishgan. Ammo turmush o`rtog`i shu kunlarda bir engiltabiat juvonga ilakishib qolgan. Siri oshkor bo`lgach, xotiniga «Sen bilan ajrashaman», deydigan odat chiqardi. Gulshoda ham oxiri bolalarini olib, ota uyiga ketdi. Ammo ayolning ajrashish niyati yo`q, chunki bevafo bo`lsa-da, ko`z ochib ko`rganini sevadi...»
Bizning fikr: — Nega oxirgi paytlarda ayrim erkaklar xiyonat ko`chasiga kirishmoqda? Chunki ularning o`ziga bo`lgan ishonchi pasayib bormoqda. Uyda xotinining haqli e`tirozlarini ko`tara olmasdan ko`chaga qarab ketishmoqda. Vaqtinchalik ko`ngilxushlik bilan o`zining ham ruhiy, ham jismoniy, ham moddiy jihatdan kuchli ekanliklarini o`zlariga isbotlashmoqchi. Oiladagi mavjud muammolardan chalg`itish yo`li ham bu.
Gulshoda oilasini asrab qolish niyatida ekan, demak, maqsadi aniq: u engiltabiat bir ayolga erini qo`shqo`llab tutqazmoqchimas. Akrom esa siri fosh bo`lgach, muammoni hal qilmasdan, «Ajrashaman», deb qulog`ini tinchini o`ylayapti. Albatta, bu qat`iy qaror bo`lmasligi ehtimoli yuqori.
Gulshoda avvalo kelinlik uyingizga qayting. Turmush o`rtog`ingiz bilan bafurja gaplashib oling. Nima uchun bu qarorga keldi? Sizdan o`tganlari bo`lsa, aytsin, xatolarni to`g`irlang. Keyin bor kuchingizni eringiz bilan raqibangizning munosabatlarini uzishga sarflamang. Ya`ni poylash, uchrashish, shartlar qo`yishdan yiroq bo`ling. Oilangizdagi muhitni yaxshilang. Toki turmush o`rtog`ingiz istayotganini, izlayotganini o`z uyidan, o`z ayolidan topsin. Shunda ko`chada chiroyliroq, mehribonroq ko`ringanning nag`masiga uchib ketmaydi.
«Sizni yaxshi ko`rganim uchun chidayman». Bu so`z bilan eringizning vijdonini uyg`otishingiz dargumon. Chunki erkaklar chidam tushunchasidan biroz yiroq bo`lishadi. Va o`zingizga qarshi qurol sifatida ishlatib qolishi mumkin: «Sevadi, kechiradi, chidaydi». Sevgingizni umr yo`ldoshingiz his qilsin, lekin muhabbat uchun har qanday qurbonlikka tayyor ekanlingizni bilmasin.
2-vaziyat: «Onamni norozi qilib, sen bilan yashamayman!»
«Zubaydaning erining topib olgan gapi shu. Olti yildan beri hayoti shu iddaoni eshitish bilan o`tayapti. Bolalar qaynona-kelin janjallariyu otaning onani kaltaklashlarini ko`rib katta bo`lishayapti. Qaynona o`g`ilni xotiniga qarshi qayragani-qayragan, chunki bolasini kelinidan qizg`anadi. Ayol esa chidayotgandi. Bir kun alohida chiqib ketishsa, hammasi yaxshi bo`lishiga umid qilardi. Bolalarim otasiz o`smasin, deyayotgandi. Yaqinda yana qaynonasi bilan g`ijillashib qoldi. Er bu gal shartni ko`ndalang qo`ydi: «Men onamni norozi qilib sen bilan yashamayman! Ajrashamiz!» hatto Mahmud sudga ariza yozib ham keldi...
Bizning fikr: — Ayrim onalar bolalarini shunchalik tobelikda ushlashni istashadiki, natijada jabrni kelin tortadi. O`g`il esa onasining roziligi uchun xotinini har ko`yga solaveradi, xo`rlayveradi.
Zubayda, bolalaringiz otasiz o`smasligini istaysizmi, oilada kelinlik va xotinlik rollaringizni bir-biridan ajratib oling. Turmush o`rtog`ingizga aslo «Siz deb, bolalar deb, onangizga sabr qilayapman!» demang! U uchun onasi — birinchi raqamli shaxs! Bu o`rinni egallay olmaysiz ming urinsangiz ham. Kunduz kuni o`rtangizda gap qochdimi, ishdan kelgan eringizga sir boy bermang. Mayli, onasidan eshitsin, sizga dakki bersin. «Sizni xavotirga qo`ymay, deb aytmagandim, ertaga nimadir qilib ko`ngillarini olaman, dadasi. O`ylamang, yarashib olamiz», deng. U o`ziga xulosa qilsin, «Xotinim onamni ertaga o`zi yaxshi gap bilan hovuridan tushiradi!» desin.
Qaynona-kelin munosabatlarining yomonligi ajrimga sabab bo`la olmaydi. Biroq gohida ba`zi erkaklar ona va xotinning o`rtasidan qolib ketganida, chiqish yo`lini ajrimda ko`radi. Bu — mas`uliyatsizlik, xudbinlik. Ular xotinini ko`chaga quvib solayotganida, ayoliga qo`l ko`tarayotganda ong ostida «onamning roziligi uchun» degan fikr yotadi. Ayolining ham ona ekanligini esa eslariga ham keltirmaydi. Erkaklar, to`g`ri, «Jannat onalar oyog`i ostida»! Volidangiz ham ona, rafiqangiz ham ona, bolangizning tarbiyachisi ham ona, ko`chadagi do`kon sotuvchisi ham ona! Ularni birdek hurmat qiling. «Onam uchun» deya ayollingizni xo`rlaganlaringizning ham javobi bor.
Qo`rqitish yo`limi bu ham?
Erkaklar «Ajrashaman» so`zini qurol qilib ayolini qo`rqitishni, uning og`zini yopishni, biror kamchiligi, xatosi bo`lsa, to`g`irlatishni ham reja qilishgan bo`lishi mumkin. Shuning uchun ham ayolning shartta tugun tugishi bunday hollarda o`zini oqlamaydi. Nega u bu qarorga keldi? Sababini o`rganing. Onasi bilan dedi-dedilaringizdan charchagan bo`lsa, qaynonangiz bilan munosabatni yaxshilashga harakat qiling. Yoki arzimagan biror kamchiligingizdan janjal yasadimi, o`zingizni o`zgartiring. Oila devorini nuratayotgan sababni bartaraf qilmas ekansiz, ajrim havfidan oilangiz himoyalanmaydi.
Haqiqatga tik qarang!
U ajrashmoqchi, siz esa buni istamayapsiz. Oilani asrash uchun sabablaringiz bor. Demak, istagingiz ham. Endi haqiqatga tik boqib, ya`ni oila mas`uliyatini his qilmayotgan erkak uchun ham mas`uliyatni elkaga ortib, kurashga kirishingiz kerak. Oson bo`lmaydi. Shunga tayyor turing. «Yaxshi ko`rganim, bolalar uchun, boradigan joyim yo`qligi sabab chidayman», deb o`tirganingiz bilan ish bitmaydi. «Mana, sabr qilayapman-ku, yaxshi bo`lib qolar, qurbonligimga yarasha erim ham javob qaytarar», deb aldamang o`zingizni. Ya`ni turmush o`rtog`ingizni ajrashish fikriga etaklagan muammoga chidab o`tirmang, uni hal qiling.
Oila mas`uliyatini elkasiga orting!
Toki u ertaga yana nimadir bo`lsa, «ajrashaman»ga tushib qolmasin. Siz oilada ham er, ham ayol bo`lolmaysiz. Eringiz uchun ham mas`uliyatni his qilib oilani asrab qoldingizmi, endi oqillik, ayyorlik bilan mas`uliyatni sekin-sekin uning elkasiga yuklang. Hech bir masalada usiz qaror chiqarmang, qadam bosmang. Ostonaga 10 kilo kartoshkani olib kelib qo`yib, birozdan keyin kiritaman, desa, darrov erga yoqish uchun o`zingiz yukni oshxonaga olib bormang. Kuting eringizni. Yoki biror masalada uning qarori xato bo`lsa ham rad qilmay bajaring. Adashganini bilsa, keyingi gal sergakroq bo`ladi. Bora-bora o`ylab qaror chiqaradigan odamga aylanadi.
Bolalarni zaharlamang!
Bolalar uchun chidashga qaror qildingiz. Faqat bu qimmatga tushmasin. Farzandlaringiz «Oyim bilan alohida, tinchgina yashasak yaxshiydi», deb o`zlarini qiynashmasin. Eringiz bilan urishdingizmi, u sizni yig`latdimi, «Nima bo`ldi, oyi» deya so`raydigan bolalarga «Ko`zimga nimadir kirdi, shekilli», deydigan darajada kuchli bo`ling.
Eng muhimi...
Bir yil o`tibmi, ikki yil o`tibmi, umr yo`ldoshingizning «ajrashaman»i qaytalanib qolmasligi uchun unda ham oilani asrashga xohish uyg`oting. Oilangizning o`z qadriyatlarini shakllantiring. Uyingizda nima bo`lganda ham xotirjamlikni ta`minlang. Oila — muqaddas qo`rg`onligini, sal shamolga ham uni buzish yaramasligini eringiz ham anglasin! Buning uchun u oilasiga talpinadigan erkak bo`lishi kerak!
MUXLISA tayyorladi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi






