Xalqaro press-klub sessiyasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 2 sentyabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar, dastlabki natijalar, kelgusi rejalar haqida so`z yuritildi.
Mavzu yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining birinchi o`rinbosari Temur Ishmetov va boshqa mas`ul vakillar ma`lumot berdi, jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
Joriy yil sentyabr oyidan buyon jismoniy shaxslardan 644 million, yuridik shaxslardan 915 million AQSh dollari sotib olindi. Yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan yakka va xususiy tadbirkorlarga valyuta sotishning soddalashtirilgan mexanizmi qo`llanilmoqda. Ta`kidlash joizki, o`tgan ikki oyda aholining milliy valyutadagi muddatli bank depozitlari qoldig`i 9 foizga o`sdi. Bu aholining olib borilayotgan pul-kredit siyosatiga nisbatan ishonchi ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Markaziy bank mutaxassislari ma`lumotiga ko`ra, mamlakatimiz miqyosida banklarga sotilayotgan valyuta qimmatliklarining 29 foizi Toshkent shahrida amalga oshirilgan. Bu jarayon Farg`ona viloyatida 11 foizni, Samarqand va Andijon viloyatlarida 9 foizni tashkil etadi. Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sotilayotgan xorijiy valyutaning 98 foizi AQSh dollariga to`g`ri kelgan.
Xalqaro press-klub sessiyasida mutaxassislar ta`kidlashicha, valyuta bozorini erkinlashtirish, tashqi iqtisodiy faoliyat sharoitlarini yaxshilash mamlakatimizga xorijiy valyuta kirib kelishining barqaror o`sishini ta`minlay boshladi. Iqtisodiyotda kuzatilayotgan o`zgarishlar va biznes hamjamiyati kutilmalarining yaxshilanishi tufayli 9 oy mobaynida eksport tushumlari hajmi 20 foizdan ziyodga oshgan.






