AsosiySavol-javob

“DADASINING VAFOTIDAN SO`NG PENSIYaSI VOYaGA ETMAGAN O`G`LIMNI NOMIGA O`TADIMI?”

'“DADASINING VAFOTIDAN SO`NG PENSIYaSI VOYaGA ETMAGAN O`G`LIMNI NOMIGA O`TADIMI?”'ning rasmi

— Turmush o`rtog`im 25 yil xususiy tadbirkor bo`lib ishlagan. Ishlagan davrida pensiyasini jamg`arib borgan. 51 yoshida olamdan o`tdi. Shu jamg`arib borilgan pensiyasini voyaga etmagan o`g`limni nomiga o`tkazsa bo`ladimi? Buning uchun qaerga murojaat qilish kerak?

Hosiyat Umarova, Jizzax viloyati, Do`stlik tumani

M.TLEUOV, Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg`armasi Ijro etuvchi direktorning o`rinbosari:

— O`zbekiston Respublikasi "Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida"gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq vafot etgan boquvchining qaramog`ida bo`lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a`zolari boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo`ladi.

Boquvchisini yo`qotganlik pensiyasi olish huquqiga 16 yoshga to`lmagan farzandlar egadirlar. O`quvchilar nafaqa olish huquqiga 18 yoshga to`lgunga qadar ega bo`ladilar.

O`zbekiston Respublikasi "Fuqarolarning jamg`arib boriladigan pensiya ta`minoti to`g`risida"gi qonunning 6-moddasiga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlar, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi dehqon xo`jaliklarining a`zolari, shuningdek boshqa fuqarolar jamg`arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida ishtirok etadilar.

Mazkur Qonunning 17-moddasiga asosan fuqaro vafot etgan taqdirda, shaxsiy jamg`arib boriladigan pensiya hisobvaraqda jamg`arilgan mablag`lar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda merosga o`tadi va merosxo`rga bir yo`la to`la hajmda to`lanadi.

Ushbu masalada yashash manzili bo`yicha "Xalk banki"ga murojaat etish tavsiya etiladi.

    Boshqa yangiliklar