AsosiyJamiyat

SOG`LIQNI SAQLASh VAZIRI JSSTNING XALQARO ANJUMANIDA IShTIROK ETMOQDA

'SOG`LIQNI SAQLASh VAZIRI JSSTNING XALQARO ANJUMANIDA IShTIROK ETMOQDA'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Moskva shahrida o`tkazilayotgan «Barqaror taraqqiyot davrida silni to`xtatish: ko`p tarmoqli yondashuv» mavzusida Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning vazirliklar darajasidagi birinchi xalqaro global konferensiyasida ishtirok etmoqda.

Joriy yilning 16 noyabr kuni ochilgan mazkur nufuzli anjumanda Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin so`zga chiqib, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tarixida birinchi bor o`tkazilayotgan ushbu xalqaro anjumanning dolzarbligi va undan ko`zlangan maqsadga to`xtalib o`tdi.

Xalqaro anjumanning birinchi kunida so`zga chiqqan vakillar silga qarshi kurash bo`yicha O`zbekiston tajribasini yuqori baholadi.

Chunki mamlakatimizda sil xastaliklarining oldini olish va davolash bo`yicha Prezidentimiz Sh.Mirziyoev topshirig`i bilan alohida dasturlar ishlab chiqilgan. Ftiziatriya xizmatining to`g`ri yo`lga qo`yilishi va kasalliklarning oldini olish bo`yicha olib borilgan ishlar natijasida O`zbekiston Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosiga a`zo 53 davlat orasida 3-o`rinni egallab, xalqaro miqyosda e`tirof etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining OIV/OITS masalalari bo`yicha qo`shma dasturi ijrochi direktori Mishel Sidibe, BMTning sil kasalligi masallari bo`yicha maxsus elchisi Erik Gusbi sil kasalligi va OIV infeksiyasini davolash, oldini olishda O`zbekiston tajribasi bo`yicha Markaziy Osiyo uchun mamlakatimizda xalqaro anjuman o`tkazish taklifi bilan chiqdi.

Tadbir davomida O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanovning JSST Bosh direktori Tedros Gebreyesus, JSST ning Evropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab, Rossiya Federasiyasi sog`liqni saqlash vaziri Veronika Skvorsova bilan o`zaro hamkorlikdagi uchrashuvi bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.

    Boshqa yangiliklar