Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko`rish, jumladan, yong`in xavfsizligini ta`minlashga alohida e`tibor qaratilmoqda.
Tuman ichki ishlar bo`limi yong`in xavfsizligi bo`linmasi tomonidan hokimlik, favqulodda vaziyatlar bo`limi vakillari bilan hamkorlikda mahallalar, ta`lim muassasalari, tashkilot va korxonalarda o`tkazilayotgan yong`in profilaktikasi tadbirlarida yong`in xavfsizligi bo`yicha uy egalari hamda mas`ul shaxslarga zarur tavsiya va ko`rsatmalar berilmoqda.
Aniqlangan kamchiliklarni mutasaddi rahbarlar bilan birga joyida bartaraf etish choralari ko`rilayotir. Hal qilish imkoni bo`lmagan muammolar yozma ravishda tegishli idoralarga yuborilmoqda.
Yong`in profilaktikasi kunlari doirasida joriy yilning 10 oyida 255 korxona, tashkilot va muassasaning yong`in-texnik holati o`rganildi. Aniqlangan kamchiliklar bo`yicha tuman IIB yong`in xavfsizligi bo`linmasi xodimlari tomonidan aniq muddatlari ko`rsatilgan yozma ko`rsatmalar korxona va tashkilotlar rahbarlariga taqdim etildi. Kamchilik va nuqsonlarni tezkor bartaraf etish borasida tuman hokimligi va yuqori tashkilotlarga axborot xatlari kiritildi.
Shuningdek, aholi xonadonlarining yong`in xavfsizligi holatini tekshirish jarayonida 25 mingdan ziyod fuqaro bilan yong`in xavfsizligi qoida talablariga rioya etish bo`yicha profilaktik suhbatlar o`tkazilib, yo`riqnomalar berildi.
Olib borilgan targ`ibot va tashviqot ishlari o`zining ijobiy samaralarini bermoqda. Masalan, yong`inlar o`tgan yilning shu davriga nisbatan 9 taga kamaygani fikrimiz tasdig`idir.
– Qish mavsumida xavfsizlik choralarini kuchaytirish maqsadida xodimlar hushyorligini yanada oshirishga alohida e`tibor qaratildi, – deydi Oqoltin tumani IIB yong`in xavfsizligi bo`linmasi boshlig`i, katta leytenant Hasan Berdiev. – Olib borilgan tekshiruv va o`rganishlar natijalari bo`yicha yong`in xavfsizligi qoidalarini buzgan yoki davlat yong`in nazorati organlarining yozma ko`rsatmalarini bajarmagan 80 nafar rahbar, mansabdor shaxs va fuqaroga 4 million so`mdan ortiq ma`muriy jarima qo`llanildi. 34 bino va inshoot faoliyati vaqtincha to`xtatildi. 234 nosoz elektr uskunasidan foydalanish taqiqlandi. Mavjud muammolar to`g`risida murojaatlarni qabul qilish va bartaraf etish maqsadida tadbirkorlar uchun tuman IIB yong`in xavfsizligi bo`linmasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etilgani ishimiz samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Profilaktika tadbirlari natijasida tumandagi aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob`ektlari va boshqa tashkilotlarda yong`in bilan bog`liq noxush holatlar kamayishiga erishilmoqda.






