AsosiySport

​RUSTAM JANGABOEVGA “NEXIA” AVTOMOBILINING KALITI TOPShIRILDI

'​RUSTAM JANGABOEVGA “NEXIA” AVTOMOBILINING KALITI TOPShIRILDI'ning rasmi

Nukusda joriy yil sentyabr oyida Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo`lib o`tgan Yopiq inshootlarda va jang san`atlari bo`yicha V Osiyo o`yinlari sovrindori bo`lgan qoraqalpog`istonlik sportchilarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.

Yangidan bunyod etilgan Olimpiya va milliy sport turlari bo`yicha ixtisoslashtirilgan oliy sport mahorat maktabida tashkil etilgan tadbirda sport faxriylari, murabbiylar, yosh sportchilar ishtirok etdi.

Qit`amizning eng kuchli sportchilari bellashgan nufuzli musobaqada mamlakatimiz terma jamoasi tarkibida qatnashgan og`ir atletikachi Rustam Jangaboev birinchi o`rinni egallab, oltin medalga sazovor bo`ldi. U 2016 yili Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo`lib o`tgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarida oltinchi o`rinni, Qatarning Doxa shahrida o`tkazilgan Osiyo kubogi musobaqasida birinchi o`rinni, joriy yil aprel oyida Turkmanistonda bo`lib o`tgan Osiyo chempionatida birinchi o`rinni egalladi.

Tadbirda Vatanimiz bayrog`ini baland ko`tarib, xalqaro musobaqalarda yurtimiz dovrug`ini dunyoga tanitgan sportchi Rustam Jangaboevga “Nexia” avtomobilining kaliti topshirildi.

Shuningdek, V Osiyo o`yinlarida muvaffaqiyatli qatnashib, bronza medalga sazovor bo`lgan sportchilar – muaytay bo`yicha Ubbiniyoz To`reniyozov, erkin kurash bo`yicha Davletbike Yaxshimuratova va Sevara Eshmuratova hamda sportchilarni musobaqalarga tayyorlagan murabbiylar Mansur Chashimov, Qutlimurat Jumanov, Damir Hasanov va Nukusboy Daniyorovga televizorlar topshirildi.

G`olib sportchilarni Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi M.Erniyazov tabriklab, sovg`alar topshirdi.

    Boshqa yangiliklar