AsosiyJamiyat

​Toshkent Moda haftaligi o`zi ishini boshladi

'​Toshkent Moda haftaligi o`zi ishini boshladi'ning rasmi

Bugun Toshkent moda haftaligiga start berildi. Haftalik davomida «Milliy liboslar» festivali, Tashkent Fashion Performance, #beyoung (yosh dizaynerlar tanlovi) hamda mahalliy va xorij dizaynerlarining mualliflik namoyishlari, shuningdek, o`zbek milliy matolari va amaliy san`at numanalari ko`rgazmasi bo`lib o`tadi. Bu haqda haftalik tashkilotchilari jurnalistlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida ma`lum qildi.

Toshkent moda haftaligining ilk kunida «Italiya modasiga 60 yil» nomli ko`rgazmaning rasmiy ochilish marosimi o`tkaziladi. Ko`rgazma Italiya uslubi va modasining tarixi va rivojlanishiga bag`ishlangan bo`lib, unda 1950 yildan to bugungi kunga qadar Italiya tikuvchilari va mashhur dizaynerlari tomonidan yaratilgan tarixiy liboslar va aksessuarlar namoyish etiladi.

Shuningdek, haftalik davomida «Italiya modasi kuni» o`tkazilishi rejalashtirilgan bo`lib, unda Antonio Grimaldi, Fulvio Luparia kabi mashhur dizaynerlari, Turin moda haftaligi qatnashchilari va dizaynerlarining ham kolleksiyalari namoyish etiladi.

Bundan tashqari, moda haftaligi doirasida ilk bor O`zbekiston dizaynerlari tomonidan “Buxoro Brilliant Silk” Qo`shma korxonasi bilan hamkorlikda shoyi matolaridan ishlab chiqilgan turli assortimentdagi zamonaviy liboslar to`plamlari taqdim etiladi.

Moda haftaligida 5 nafar professional dizaynerlar - Dilnoz Erkinova, Nilufar Abduvalieva, Dina Sayfi, Nikolay Nam va Elena Milbergerlarning mualliflik kolleksiyalari, jami 850 taga yaqin liboslar komplekti namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur moda haftaligi O`zbekiston moda industriyasida eng muhim voqealardan biri bo`lib, uning bosh maqsadi o`zbek modasini targ`ib qilish, yosh dizaynerlarning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirish, yangi nomlarning namoyon bo`lishi, yosh dizaynerlar uchun keng istiqbolning ochilishi, professional muhitning shakllanishi, xalqaro moda industriyasini xalqaro aloqalarini keng doirasini yaratishdir. Moda haftaligi professional dizaynerlarga va «Moda uylari»ga o`z liboslarini namoyish qilish va muxlislarga moda dunyosida rivojlanish tendensiyasi bo`yicha ma`lumotlarni olish imkoniyatini beradi.

Toshkent moda haftaligi dasturi quyidagi tadbirlarni o`z ichiga oladi:

  • #beyoung – yosh dizaynerlar tanlovi;
  • O`zbek va xorij dizaynerlarining mualliflik namoyishlari;
  • «Milliy liboslar» festivali;
  • Tashkent Fashion Performance;
  • «Italiya modasiga 60 yil» ko`rgazmasi;
  • Xorij va mahalliy etakchi dizaynerlar tomonidan mahorat-darslari va seminar-treninglar;
  • O`zbek matolari va o`zbek an`anaviy libosi ko`rgazmasi.

Foto: Twitter

    Boshqa yangiliklar