Xalqaro qandli diabetga qarshi kurash kuni munosabati bilan har yili noyabr oyida butun dunyoda diabet oyligi o`tkaziladi. Yurtimizda ham ushbu tadbir uyushqoqlik bilan o`tkazib kelinmoqda.
– Joriy yilda oylik tadbirlarini “Ayol va diabet” mavzusida tashkil etish belgilangan, – deydi Samarqand viloyati endokrinologiya dispanseri bosh shifokori G.Ne`matova. – Shundan kelib chiqib, Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududiy dispanserlar tomonidan aholi o`rtasida keng ko`lamli profilaktika tadbirlari, tibbiy ko`riklar o`tkazilmoqda. Jumladan, poytaxtdan kelgan mutaxassislar hamda dispanser shifokorlari viloyatning Paxtachi, Narpay singari olis tumanlarida xotin-qizlar, homilador ayollar va bolalarni tibbiy ko`rikdan o`tkazib, zarur tavsiya va maslahatlar berdi. Keksalar, nogironlar va bemorlarning xonadoniga borib, salomatligi ko`rikdan o`tkazildi. Ushbu tadbirlar davomida kasallik aniqlangan fuqarolar ro`yxatga olinib, ularni davolash choralari ko`rilmoqda.
Bundan tashqari, oylik doirasida diabetlar uyushmasi, qandli diabetga chalinganlarga yordam ko`rsatuvchi “Umid D” nodavlat tashkiloti va xususiy klinikalar bilan hamkorlikda bemor bolalar, kam ta`minlangan oilalar vakillari chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. Ularga zarur dori-darmon va boshqa vositalar berildi. 14 noyabr kuni dispanserda ochiq eshiklar kuni tashkil etilib, barcha fuqarolarga tibbiy ko`rikdan o`tish uchun keng imkoniyat yaratildi.
Bugungi kunda Samarqand viloyati endokrinologiya dispanseri zamon talablari darajasida bunyod etilib, 50 qatnovga mo`ljallangan ambulator poliklinika, 60 o`rinli stasionar davolash bo`limlari orqali aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmat ko`rsatib kelmoqda. Dispanserning 60 dan ortiq vrach va mutaxassislari bilan birga, Respublika ixtisoslashgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi xodimlari ham har hafta viloyatga kelib, bemorlarga o`z maslahat va tavsiyalarini beradi. Shuningdek, markaz va dispanser o`rtasida onlayn videomuloqot o`tkazish imkoniyati yaratilgani bemorlarga aniq tashxis qo`yish va ularni samarali davolashga xizmat qilmoqda.






