AsosiyShou-biznes

Nyusha:"O`zbeklarning mehmondo`stligiga amin bo`ldim!"

24 yoshni qarshilagan Rossiya estradasining taniqli xonandasi Nyusha konsert dasturi bilan O`zbekistonga ta`shrif buyurayotgani haqida mana salkam ikki oydan buyon tinimsiz reklama berib borildi. 

Ochig`i, ilk bor uning konserti haqida reklama bannerlarini ko`rganimda “O`zbekistonda Nyushaning qo`shiqlariga talab qanday ekan?” degan savol o`ylantirdi. 3 fevral kuni “Istiqlol” san`at saroyida savolimga yaqqol javob topildi. Avvaliga jurnalistlar uchun matbuot anjumani uyushtirilishi e`lon qilingan bo`lsa ham ming afsuski, bu amalga oshmadi. Bu xonandaning injiqligimi yo tashkilotchilarning beparvoligi?.. Soat 18:00! Konsert boshlanishiga bir soat vaqt bor. Sahna ortida Rossiyalik mehmonimiz eng mashhur qo`shiqlaridan biri “Vshe”ga  raqqosalari bilan repetisiya qilayotgandi. Shu o`rinda e`tiborimni tortgan bir jihat bu — Nyusha chet ellik hamkasblaridan farqli o`laroq butun ijodiy guruhi bilan tashrifi bo`ldi. Yana bir ahamiyatli tomoni xonanda eng so`nggi konsert dasturi bilan tashrif buyurgandi. Aytish mumkinki, xonanda bu borada tavakkalga qo`l urgan. Asosiy maqsadimiz konsert dasturiga to`xtalish emas, balki Rossiya estradasining eng mashhur xonandasi bilan kechgan eksklyuziv suhbatni taqdim etish! Alohida ta`qidlash kerakki, jurnalislar bilan ko`rishishga rozi bo`lmagan bo`lsa-da, “Darakchi” gazetasi uchun vaqt ajratdi...

— Sizni ko`rib turganimizdan juda xursandmiz. O`zbekistonga hush kelibsiz!

— (Samimiy jilmayib), rahmat! Sizlarning mehmondo`st xalq ekaningizga yana bir karra amin bo`ldim. Ob-havoning bu qadar sovuqligiga qaramay, iliq kutib olganingizdan xursandmiz! 

— Ma`lumki, yurtimizda bir necha bor bo`lgansiz!


— Ha, yanglishmasam O`zbekistonga oltinchi bor tashrif buyurishim.

— Ijodingizdagi ilk uchta klipni ham aynan bizning yurtimizda suratga olganingizdan ham xabarimiz bor.


— O`zbekiston nihoyatda go`zal o`lka. Bir-biridan qolishmaydigan darajadagi maskanlari talaygina. Bir qo`shig`imning klipini klipmeyker taklifi bilan O`zbekiston cho`llarida suratga tushirganmiz. Aynan tasvirga olish jarayoni bilan bog`liq qiziqarli xotiralarimni ko`p eslayman. Cho`lning go`zal manzarasiga qaramay, yuragimda katta qo`rquv bo`lgandi. Boisi men uchun yangi ko`rinish edi-da! Kimsasiz erlarda go`yo bir o`zim  yolg`iz qolib ketayotgandek tuyulavergan (kuladi).

— O`zbekistonga uyushtirgan tashrifingizdan birida o`zbek lag`monini yoqtirib qolgan ekansiz. Bu safar-chi? Yurtimizdan Rossiyaga nima olib ketishni mo`ljalladingiz?


— (Kuladi), yong`oqlarni! Mehmonsevar xalqning dasturxoniga qo`yiladigan  har xil yong`oqlarni paqqos tushiryapman. Moskvaga har biridan kamida yarim qop olib ketsam kerak.

— Jurnalistlarga munosabatingiz qanday? Ular bilan ko`p muloqotda bo`lasizmi?


— Qachonlardir jurnalistlarga juda ko`p intervyu berganman. Bu sohada ishlaydigan tanishlarim ham talaygina. Ammo bugunga kelib, ijodiy guruhimiz OAV bilan deyarli aloqani uzganmiz. Odamlarning me`dasiga tegib qolishdan qo`rqaman! O`zimni eslatib turishni xohlayman, biroq me`yor darajasida.

— Mashhurlik darajasini nima bilan o`lchaysiz?


— Men uchun mashhurlikning darajalari yo`q!

— Kimdir reytingini turli xit-parad va taqdimot marosimdagi yutuqlari bilan ham o`lchaydi...


— ...turli reytinglardan ham ko`ra konsertimdagi to`lib turgan zal muhim!

— Bugungi konsertda zal to`ladi, deb o`ylaysizmi?


— Yaxshi natijadan umidvorman!

— O`zbekistonlik hamkasblaringizdan kimlarni taniysiz?


— (Biroz o`ylanib), Sevara Nazarxon, Sogdiana va Shahzoda.

— Ularning birortasi bilan duet kuylashni istarmidingiz?


— Duet masalasida aniq javob berishim qiyin. Bu haqida o`ylab ko`rishim kerak...

— Qo`shiq tanlashda ko`proq nimalarga e`tibor berasiz?


— Har bir qo`shig`imda kichkina bo`lsa ham tarix bor. Qo`shiq voqealarining ayrimlarida o`zim haqimda kuylasam, ba`zilarini yon atrofimdagilarning hayotidan ta`sirlangan holda kuylayman. Qo`shiqlarim yurakka etib borishini istayman!

— Intervyularingizning birida “San`at sohasida ko`proq vaqt ta`lim olmaganimdan afsuslanaman!” degan ekansiz. Ammo ota-onangiz san`at vakillari. Aksincha bo`lishi kerak emasmidi?


— Ochig`i, dadam bu sohadan ketishimni unchalik ham xohlamagan.  Balki o`zi san`at qozonida qaynagani uchun istamagandir. Mustaqil ravishda musiqa bilan shug`ulanayotganimni ko`rib, vaqtinchalik qiziqish deb o`ylagan. Ammo urinishlarim jiddiyligini tushungach, dadamning o`zi meni musiqa maktabiga olib borgan.

— Bilamizki, prodyuseringiz – o`z otangiz. Ishda uchraydigan ba`zi muammolarni echishda qanday yo`l tutasizlar?


— Otam bilan kelishib ishlashga odatlanganmiz. Ishonasizmi yoki yo`q, shu kunga qadar biror marta kelishmay qolganimizni eslolmayman. Bordi-yu, otamning  taklifiga e`tirozim bo`lsa, sababini tushuntiraman. Hamma narsani do`stona hal qilishga odatlanganmiz.  

— Ijodkor uchun yaxshi musiqa va matn topish oson ish emas. Ammo bu siz uchun muammo bo`lolmaydi. Boisi qo`shiqlaringiz muallifi o`zingizsiz. Aytingchi, boshqa mualliflar bilan ham ishlashingiz mumkinmi?


— Takliflarni e`tiborsiz qoldirmaymiz. Har birini eshitib chiqishga odatlanganman. Afsuski hali quloqqa yoqadigan musiqani eshitganimcha yo`q!

— Rossiyalik tanqichilar siz va xonanda Maksimni ko`p taqqoslashadi. Hatto sizlarni bir-biringizga o`xshatishlarini ham  ko`p eshitganmiz.


— Biz umuman bir-birmizga o`xshamaymiz. Buni uslubimiz va musiqalarimizni tinglab ham bilish qiyin emas. Balki bir avlod vakili va tinglovchilarimizning auditoriyasi ham bitta bo`lgani uchun taqqoslashar.

— Shaxsiy hayotingiz haqida ham to`xtalib o`tsangiz?


— Shaxsiy hayotimga juda kam vaqt ajratyapman. Bor e`tiborimni ijodga qaratgim keladi. Ijoddan tashqari, o`zim uchun sarflagan har bir vaqtimni qizg`onaman. Masalan, bir kun davomida uydan chiqmay televizor qarshisida o`tkazgan kunim uchun bir oy vijdon azobida qiynalaman.

— Rejalaringiz qatorida oila qurish ham bordir?


— Albatta! Faqat bu reja taxminan tuzilgan. Avvalam bor, oila qurishim mumkin insonni uchratishim kerak. Meni va kasbimni xurmat qiladigan inson bo`lishini istayman!

Nyusha bilan suhbatimiz istaganimizdek uzoqqa cho`zilmagan bo`lsa-da, uning fe`l-atvorini qisqa savol-javoblardan ham bilish mumkin edi. Biroz jiddiy, savollarga qisqagina javob berishni ma`qul ko`ruvchi bu xonanda bilan keyingi konsertlarda yana uchrashguncha hayrlashdik.
Ha aytgancha, Nyushaning O`zbekistondagi konserti haqida ikki og`iz. Ochig`i, bizda uning tinglovchilari bunchalik ko`p, deb hech o`ylamagandim. Zaldagilar xonanda bilan birgalikda kuylab, raqsga tushib mazza qilishdi. Asosan mutlaqo yangi qo`shiqlar yangraganiga qaramay, muxlislar xonandani raqs va qarsaklari bilan qo`llab-quvvatlashdi. Shuningdek, uning konsertini shaxsan tamosha qilish uchun o`zbek estrada vakillari ham tashrif buyurishdi. Xonandalar Rayxon, Munisa Rizaeva, Anvar Sanaev, Dilshod Rahmonov, Jasur Umirov, Aziz Rametov, Sardor Mamadaliev, Sayyora Qozieva, Dilfuza Rahimova, Dilfuza Ismoilova shular jumlasidan.


Aliya SULAYMONOVA suhbatlashdi.
Fotomuxbir: Ravshan ShOKIROV

    Boshqa yangiliklar