11.02.2014 11:37
O`zbekiston va Hindiston ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum o`tkazildi
O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Hindiston Farmasevtika mahsulotlari eksportini rivojlantirish kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda ikki mamlakatning farmasevtika sohasi uchun mas`ul tashkilotlari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.
O`zbekiston bilan Hindiston o`rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik, sarmoyalarni himoyalash va rag`batlantirish, ikki tomonlama soliqdan qochishga oid bitimlar amal qiladi. O`zaro savdoda eng ko`p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. O`zbekiston Hindistonga qurilish materiallari, rangli metallar, paxta va ko`nchilik xomashyosi, oziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar eksport qiladi. Hindistondan O`zbekistonga farmasevtika mahsulotlari, mexanik va elektron uskunalar, optik asboblar, plastmassa va plastmassadan tayyorlangan mahsulotlar import qilinadi. 2013 yilda mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 242 million AQSh dollaridan oshdi.
O`zbekistonda hind tadbirkorlari sarmoyasi ishtirokida tuzilgan oltmish beshta qo`shma korxona faoliyat ko`rsatmoqda. Ular to`qimachilik, ko`nchilik, farmasevtika, qishloq xo`jaligi, oziq-ovqat sanoati, sayyohlik, ulgurji savdo va xizmat ko`rsatish kabi sohalarga ixtisoslashgan. Mamlakatimizda Hindistonning yigirmaga yaqin etakchi firma va kompaniyasi o`z vakolatxonasini ochgan.
Forumda hindistonlik ishbilarmonlarga mamlakatimiz iqtisodiyotiga sarmoya jalb etishning muhim yo`nalishlari haqida ma`lumot berildi. Mehmonlar yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo`lida olib borilayotgan islohotlar, mamlakatimizdagi maxsus industrial zonalarda sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishtirildi.
Anjumanda ikki mamlakat o`rtasida farmasevtika sohasidagi aloqalarni yanada faollashtirish orqali savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish, Hindiston kompaniyalarini mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga keng jalb etishga oid masalalar muhokama qilindi.
Biznes-forum yakunida O`zbekistonning qator kompaniya va korxonalari, Hindiston ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperasion birja o`tkazildi.





