AsosiyJamiyat

O`ZBEKISTON BIZNES YuRITISh UChUN QULAY ShAROITLAR YaRATISh BO`YIChA ISLOHOTChI DAVLATLAR O`NLIGIGA KIRDI

'O`ZBEKISTON BIZNES YuRITISh UChUN QULAY ShAROITLAR YaRATISh BO`YIChA ISLOHOTChI DAVLATLAR O`NLIGIGA KIRDI'ning rasmi

O`zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo`yicha so`nggi yilda qabul qilingan chora-tadbirlar samaradorligini Jahon bankining «Biznesni yuritish» (Doing Business) xalqaro hisobotining so`nggi nashri ham tasdiqladi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Joriy yilning 31 oktyabrida e`lon qilingan «Biznesni yuritish 2018: ish o`rinlari yaratish uchun islohotlar» hisobotiga ko`ra, O`zbekiston dunyoning 190 davlati ichida 74-o`rinni egallab, o`tgan yildagi mavqeini biryo`la 13 pog`onaga yaxshiladi. Qolaversa, mamlakat biznes yuritish uchun eng qulay sharoitlar yaratish bo`yicha islohotchi davlatlar o`nligiga kirishga muvaffaq bo`ldi.

Hisobotdagi 10 ta indikatorning 6 tasi bo`yicha sezilarli o`sishning qayd etilganligi ham ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ko`lami va natijadorligidan darak bermoqda.

Xususan, O`zbekiston korxonani ro`yxatdan o`tkazish (11-o`rin), elektr tarmoqlariga ulanish (27), shartnomalar ijrosini ta`minlash (39), kreditlash tizimi (55), minoritar investorlar himoyasi (62), mulkni ro`yxatdan o`tkazish (73) va soliqqa tortish (78) yo`nalishlari bo`yicha jahonning birinchi 100 mamlakati qatoridan joy oldi.

«Biznesni yuritish 2018: ish o`rinlari yaratish uchun islohotlar» hisoboti Jahon banki guruhi yillik nashrining 15-soni hisoblanib, unda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi tartibga solish normalari baholab boriladi.

Tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish bo`yicha jahon reytingini Yangi Zelandiya boshqarmoqda. Shuningdek, kuchli beshlikdan Singapur, Daniya, Janubiy Koreya va Gonkong o`rin olgan.

    Boshqa yangiliklar